Avvalroq prezidentning maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan maktabgacha taʼlim qamrovi 80%dan past bo‘lgan tumanlardagi tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator imtiyozlar joriy etiladi.

Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh yer maydonlarida DXSH asosida qo‘shimcha imtiyoz va shartlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini barpo etishga ruxsat beriladi. Bunda ijara to‘lovlari 30 yil davomida undirilmaydi, muddat tugagach esa mazkur bog‘cha davlat balansiga topshiriladi.

Shuningdek, 9 soatlik ish rejimidagi davlat bog‘chalarida bir nafar tarbiyalanuvchiga sarflanadigan xarajatning 50%i miqdorida subsidiya DXSH bitimi amal qilish davrida elektron davomat asosida beriladi.

Mazkur imtiyoz 2024-yildan boshlab qamrov darajasi 80%dan past hududlarda tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, bo‘sh yer maydonlaridan tashqari hududlarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalarni tashkil etgan tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatga, Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 5 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Ushbu mablag‘lar bog‘chani 18 oygacha bo‘lgan muddatda qurish sharti bilan beriladi.

Yer uchastkalari ruxsat etilgan foydalanish turini o‘zgartirmaslik sharti bilan auksion orqali ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili 1-aprelga qadar demografik o‘sish, aholi joylashuvi va zichligini inobatga olgan holda maqbul yerlar ro‘yxatini eʼlon qilib boradi.

Shu bilan birga, nodavlat bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat bog‘chalaridagi belgilangan miqdorda 3 yil davomida byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bunda har 30 nafar tarbiyalanuvchi uchun bir shtat birligi miqdorida tarbiyachi hisobga olinadi.

Maktabgacha taʼlim qamrovi 80%dan past bo‘lgan tumanlar ro‘yxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va har moliyaviy yil uchun yangilanib boradi.

Ro‘yxat Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etgan 3−7 yoshli bolalar soni haqidagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi.

4-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi imtiyozlar berish masalasi muhokama qilingandi.


Spot, avvalroq, umumiy o‘rta taʼlimga bir yillik maktabga tayyorlov dasturi majburiy kiritilishi haqida yozgandi.