Rossiyada 1-martdan boshlab chet ellik ishchilarni ishdan bo‘shatish asoslari kengaytiriladi. Bu haqda TACC nashri xabar berdi.
Mintaqada chet el ishchi kuchini jalb qilishga cheklovlar kiritilganda, ish beruvchilar qonuniy ravishda migrantlarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.
Ilgari Rossiya Mehnat kodeksida chet el fuqarosi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asoslar orasida federal darajada cheklovlar o‘rnatish bor edi. Endi bu ro‘yxatga hududiy hokimiyat qarorlari ham qo‘shildi.
Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, 2025-yilda bunday cheklovlar, masalan, Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida joriy etilgan.
Ularda mintaqaviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan patent asosida ishlayotgan chet el fuqarolarini bir qator faoliyat sohalariga jalb qilish taqiqlangan.
Shu bilan birga, ish beruvchilar, bir tomondan, ushbu cheklovlarni bajarmaganlik uchun 1 mln rublgacha jarima yoki faoliyatini to‘xtatib qo‘yish xavfi ostida edilar.
Boshqa tomondan, ularning chet ellik xodimni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarori “barcha huquqiy oqibatlari bilan noqonuniy” deb topilishi mumkin edi. Yangilik ushbu bo‘shliqni to‘ldiradi, deya ta’kidlanadi.
Avvalroq Rossiyada 2026-yildan boshlab migrantlar uchun yangi cheklovlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Yangi qoidalarga ko’ra, migrantlarga alkogol va tamaki savdosida ishlash taqiqlanadi. Ularning bozorlarda, ko‘chma chakana savdo do‘konlarida va dorixonalarda ishlashiga qo‘yilgan taqiq ham o‘z kuchida qoladi.
