O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Tegishli qonun (O‘RQ-1117) 5-fevral kuni prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat soliq solish, raqobat va boshqa sohalar bilan bog‘liq bir qator qonun hujjatlariga tuzatishlarni o‘z ichiga oladi. O‘zgartirishlar natijasida “aholi va tadbirkorlarning ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘luvchi” normalarni tartibga solish maqsad qilingan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi BHMning 50%i o‘rniga oyiga 1 BHM (412 ming so‘m) miqdorida belgilanmoqda. Shu bilan birga, ular bu soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashlari mumkinligi alohida ta‘kidlandi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar muayyan huquqlarni olish, ruxsatnomalar berish va boshqa harakatlar uchun yig‘imlar — majburiy to‘lovlarni joriy etishni tartibga soladi. Yangi tahrirga ko‘ra, yig‘imlar faqat alohida qonunlar bilan joriy etilishi mumkin, ularni hisoblash va to‘lash tartibi esa Soliq kodeksi va “boshqa qonun hujjatlari"da belgilanadi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy protsessual kodeksda nazorat qiluvchi organlarning arizasiga ko‘ra sud tadbirkorlarning litsenziya va ruxsatnomalarini to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan muddatga cheklov kiritildi. Bu muddat 10 ish kunidan 6 oygacha bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Senati Islom banki to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma‘qullagani haqida yozgandi.