Spotify o‘z platformasini rivojlantirishda davom etib, foydalanuvchilarga audiokitoblar va bosma nashrlar o‘rtasida bemalol o‘tish imkonini beruvchi yangi funksiyani qo‘shdi. Bu haqda The Hollywood Reporter xabar berdi.

Page Match deb nomlangan yangi vosita smartfon yordamida jismoniy yoki elektron kitoblarning sahifalarini skanerlash va tegishli audiokitobni to‘xtagan joyidan davom ettirish imkonini beradi. Bu funksiya teskari yo‘nalishda ham ishlaydi.

Ushbu yangilik doirasida Spotify mustaqil kitob do‘konlari bilan hamkorlik qiladigan Bookshop.org platformasi bilan ham sheriklik o‘rnatdi.

Spotify ilovasi orqali foydalanuvchilar jismoniy kitoblarni xarid qilishlari mumkin bo‘ladi, kompaniya esa bu sotuvlardan komissiya oladi.

“Bilamizki, ko‘pchilik insonlar hayotining muayyan lahzalarida audio kitoblarni tinglashdan ko‘ra, qog‘oz kitoblarni o‘qishni afzal ko‘rishadi. Shuning uchun biz odamlarga bunday kitoblarni ko‘proq topish va o‘qishga yordam bermoqchimiz”, — dedi Spotify’ning audiokitoblar bo‘yicha vitse-prezidenti Ouen Smit.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda platformada yangi tinglovchilar soni 36% ga, audiokitoblarni tinglash vaqti esa 37% ga oshgan.

Spotify pullik foydalanuvchilari uchun oyiga 15 soat bepul audiokitob tinglash, shuningdek, qo‘shimcha soatlar yoki to‘liq kitobni sotib olish imkoniyati taqdim etiladi.


Avvalroq Spotify musiqa xizmati o‘zining messenjeriga ega bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

Foydalanuvchilar taronalarni ulashib, bir-biriga matnli xabarlar yubora oladi. Bu funksiyadan 16 yoshdan kattalar foydalanishi mumkin.