Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida so‘nggi besh yilda 826,5 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi foydalanishiga kiritildi. Shuning 409 ming gektari sug‘oriladigan yerlar hisobiga, 418 ming gektari esa lalmi va yaylov yerlarda yer osti suvlaridan foydalanish hamda kam suv talab qiladigan ekinlarni joylashtirish orqali o‘zlashtirildi.

2030-yilgacha yana 938 ming gektar yaylovlarni o‘zlashtirish va holatini yaxshilash rejalari taqdimot qilindi.

Xususan, 2026−2027-yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, shuning 300 ming gektarida yaylov o‘simliklari ekiladi, 130 ming gektarida quduqlar o‘rnatiladi. Natijada 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish, go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yangi yerlarni o‘zlashtirishda har bir hudud bo‘yicha aniq investor va loyiha asosida ish tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani o‘zgartirish vaqti kelgani qayd etildi. Sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlar yagona tuzilma — Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirilishi belgilangan.

Taqdimotda biotexnologiya va molekular biologiya, gen injeneriyasi va gibrid urug‘chiligi, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi hamda sog‘lom tuproq, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya, raqamli qishloq xo‘jaligini akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilash taklif etildi.

Akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Prezident taqdimotda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda suvdan foydalanish jarayonlari dronlar yordamida nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi. Subsidiya ajratilgan va suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan yerlarda ularni ishlatmasdan an’anaviy sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanishga tenglashtiriladi.