Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining faoliyati ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yilda 44 ming gektar samarasiz yerlarda intensiv va sanoatlashgan bog‘ hamda tokzorlar tashkil qilinib, 37 ming ish o‘rni yaratildi. Bog‘ va tokzorlar 2027-yildan hosil berishni boshlab, yiliga $660 mln meva-sabzavot eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Masalan, So‘xda 500 gektarda olma, malina va o‘rik, Termiz tumanida 164 gektarda o‘rik va shaftoli, Ohangaron tumanida 309 gektar, Bulung‘urda 550 gektar hamda Quvada 60 gektar yerda uzumning “Avatar” navi, Pop tumanidagi 504 gektarda esa shaftoli va olxo‘ri plantatsiyalari tashkil etildi.
Ishlarni davom ettirib, 2026-yilda 25,5 ming gektar mevali bog‘lar va 5 ming gektar uzumzorlar tashkil qilib, 48 ming doimiy hamda mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.
Har yili mamlakatga $60 mlnlik ko‘chatlar import qilinmoqda. Ularni Yevropa standartlari asosida O‘zbekistonda tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada agentlik tomonidan 200 dan ortiq meva turlarining virusdan xoli, yuqori hosilli onalik navlari kolleksiyasi yaratilgan.
Ularni ko‘paytirish va barcha hududlarga yetkazib berish maqsadida Bektemir tumanida 50 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida esa 75 gektarlik “in-vitro” laboratoriyalari va onalik ko‘chatxonalaridan iborat majmualar tashkil etilmoqda.
Ushbu majmualarni yil yakunigacha ishga tushirib, yillik 27 mln dona ko‘chat tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Prezident taqdimotda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda suvdan foydalanish jarayonlari dronlar yordamida nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi.
