OpenAI kompaniyasi AQSHda ChatGPT’ning bepul Free va Go obunasini rasmiylashtirgan foydalanuvchilar uchun reklamani sinovdan o‘tkazish boshlanganini e’lon qildi.
Yangi Go tarif rejasi AQSHda oyiga $8 turadigan arzon obuna bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab yanvar oyi o‘rtalarida ishga tushirildi.
OpenAI kompaniyasi xabar berishicha, Plus, Pro, Business, Enterprise va Education darajalarini o‘z ichiga olgan pullik tarif rejalari obunachilari reklamalarni ko‘rmaydilar.
“Reklamalar ChatGPT beradigan javoblarga ta’sir ko‘rsatmaydi va biz sizning ChatGPT bilan suhbatlaringizni reklama beruvchilardan sir saqlaymiz”, deyiladi kompaniya blogida.
Odamlar muhim va shaxsiy vazifalarni hal qilishda ChatGPT’ga bildirgan ishonchni saqlab qolgan holda, reklamalar ChatGPT’ning yanada kuchli imkoniyatlaridan keng foydalanishga ko‘maklashadi.
Anthropic o‘zining reklama roliklarida OpenAI kabi ba’zi sun’iy intellekt kompaniyalari tez orada reklamalarni ishga tushirishni boshlashlari haqidagi g‘oyani masxara qilib, yomon integratsiyalashgan reklamalar foydalanuvchi tajribasini buzishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bu hol ekranda bo‘sh ko‘zli aktyorlar tomonidan sun’iy intellektli chat-botlarni o‘ynab ko‘rsatildi. Ular o‘z maslahatlarini noto‘g‘ri yo‘naltirilgan reklamalar bilan birga taqdim etishdi.
OpenAI bosh direktori Sem Altman bu hujumlarga nihoyatda keskin munosabat bildirib, reklamani “adolatsiz”, Anthropic kompaniyasini esa “avtoritar” deb baholadi.
Iste’molchilar hozircha sun’iy intellekt javoblarida reklama bo‘lishi g‘oyasiga qarshilik ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil oxirida OpenAI kompaniyasi ilova tavsiyalarini sinovdan o‘tkazganida, ular istalmagan reklama kabi ko‘ringani sababli salbiy munosabatga duch kelgan.
Shunga qaramay, kompaniya texnologiyani rivojlantirish va biznesni kengaytirish xarajatlarini qoplash uchun ommabop chat-botidan daromad olishi kerak.
Tanqidchilar reklama ChatGPT javoblariga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda. OpenAI esa buni rad etib, reklama “siz uchun eng foydali bo‘lgan narsa” asosida optimallashtirilishini ta’kidladi.
Shuningdek, reklama har doim aniq “homiylik qilingan” deb belgilanishi va asosiy (organik) kontentdan ajratib ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Sinov jarayonida OpenAI foydalanuvchilarga ularning suhbat mavzusi, avvalgi chatlari va reklama bilan o‘zaro aloqalariga qarab reklama tanlashga harakat qilgan.
Masalan, retsept qidirayotgan foydalanuvchilarga oziq-ovqat yetkazib berish xizmati yoki tayyor taom to‘plamlari reklamalari ko‘rsatilishi mumkin.
Kompaniya reklama beruvchilar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga emas, faqat reklama samaradorligi bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlarga — masalan, ko‘rishlar va bosishlar statistikasiga ega bo‘lishini bildirdi.
Foydalanuvchilar o‘zlarining reklama bilan o‘zaro aloqalari tarixini ko‘rish va uni istalgan vaqtda tozalash imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ular reklamani rad etish, fikr bildirish, nima sababdan reklama ko‘rsatilganini bilish va shaxsiylashtirish sozlamalarini boshqarishlari mumkin.
Reklama 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarga ko‘rsatilmaydi, shuningdek, sog‘liq, siyosat yoki ruhiy salomatlik kabi nozik yoki tartibga solinadigan mavzular yonida joylashtirilmaydi.
Avvalroq Spot ChatGPT Ilon Maskning Grokipediasidan manba sifatida foydalanishni boshlagani haqida yozgandi.
So‘nggi ChatGPT modeli keng ko‘lamli savollarga javob berishda Grokipedia SI ensiklopediyasidan iqtibos keltirmoqda.
