O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylardagi mulk egalaridan undiriladigan majburiy badallar va to‘lovlarni hisobga olishning “to‘liq shaffof” tizimi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori (PQ-48) qabul qilindi.

Hujjat ko‘p qavatli uy-joy fondini boshqarish tizimini qayta tashkil etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan. Majburiy to‘lovlar bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamida 80%ga kamaytirish vazifasi belgilandi.

1-iyuldan boshlab kvartira uchun majburiy to‘lovlar (“kvartplata”) faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali qabul qilinadi.

Majburiy to‘lovlar bo‘yicha tushumlar, shuningdek, umumiy uy-joyni ijaraga berishdan olingan daromadlar “Mening uyim” tizimida hisobga olinadi. Har bir ko‘p qavatli uy uchun alohida bank hisob raqami ochiladi.

Ko‘p qavatli uylar STIR berilgan va bank hisob raqami ochilgan holda hisobga olinadi:

  • 1-iyulgacha foydalanishga topshirilganlari — mulkdorlarning arizasiga ko‘ra;
  • 1-iyuldan keyin foydalanishga topshirilganlari — quruvchining arizasiga ko‘ra.

Shuningdek, “Mening uyim” tizimidan Toshkent shahrida mulkdorlarning umumiy yig‘ilishlarini o‘tkazish, qarorlar qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan hisobotlarni taqdim etish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun foydalaniladi. 2027-yildan boshlab ushbu tartib butun O‘zbekistonga joriy etiladi.

Umumiy yig‘ilish qarori bilan tanlangan boshqaruvchi kompaniya uydagi bank hisob raqamini boshqarish huquqiga ham ega bo‘ladi. Yig‘ilish boshqaruvchi kompaniya xizmatlaridan voz kechsa, uning hisob raqamiga bo‘lgan huquqlari ham bekor qilinadi.

Agar umumiy yig‘ilish boshqaruvchi kompaniyani tayinlamagan, u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilgan yoki to‘xtatgan bo‘lsa, mulkdorlar belgilangan miqdorda majburiy to‘lovlarni to‘lashni davom ettiradi. To‘lov miqdori belgilanmagan hollarda to‘lovlar qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdorda undiriladi.

Har yili yanvar oyida umumiy mol-mulk va unga tutash hududlarni saqlash, ulardan foydalanish, ta‘mirlash ishlarining yillik rejasi hamda ularni moliyalashtirishning oylik smetasi tasdiqlanadi. “Mening uyim” tizimida tegishli qaror loyihasi yaratiladi.

Smetada ko‘rsatilgan summadan ortiqcha xarajatlar faqat umumiy yig‘ilish qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Bunda boshqaruvchi kompaniya bir uyning hisob raqamidagi mablag‘lardan o‘z tasarrufidagi boshqa uydagi favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish uchun foydalanishi mumkin.

Uyning hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘lar birinchi navbatda iste‘mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovga yo‘naltiriladi. Agar mulkdor oyning 15-sanasigacha to‘lovni amalga oshirmasa, uning uchun elektr energiyasi uchun to‘lovni qabul qilish cheklanadi.

Kechiktirilgan to‘lovlar bo‘yicha penya hisoblanadi: jismoniy shaxslar uchun — 0,1%, yuridik shaxslar uchun — 0,4%. Penya miqdori oylik qarzning 50%idan oshmasligi kerak. Undiruvlarning yarmi uy hisob raqamiga tushadi, qolgan yarmi “Mening uyim” tizimini saqlash uchun ishlatiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirish qat’iylashtirilishi haqida xabar berilgandi.