Prezidentning aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha qarori (PQ-49) qabul qilindi.
Hujjat O‘zbekistonda norasmiy bandlikni qisqartirish choralarini o‘z ichiga oladi. Yil oxirigacha 1 mln ish o‘rnini rasmiy sektorga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, mas‘ul davlat organlari uchun hududlar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Soliq qo‘mitasi 460 ming ish o‘rnini qonuniylashtirishi kerak. Yana 125 mingtasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga, ayni shuncha miqdor Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga yuklatilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 105 ming, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 100 ming ishchini rasmiylashtirish vazifasi berildi. Bundan tashqari, Transport vazirligi (75 ming) va Turizm qo‘mitasi (10 ming) ham jalb etiladi.
Norasmiy bandlik holatlarini aniqlash uchun hokim yordamchilari javobgar hisoblanadi. Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni xatlovdan o‘tkazish jarayonida ular to‘plagan ma‘lumotlar asosida ish beruvchilarga xodimlarni rasmiylashtirishni talab qilib ogohlantirishlar yuboradi.
Ogohlantirishlar Yagona milliy mehnat tizimidagi shaxsiy kabinetda aks etadi. Agar ish beruvchi 3 ish kuni ichida qoidabuzarliklarni bartaraf etmasa, bu korxona yoki tashkilotda tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
Biroq, ish beruvchi mehnat shartnomasini rasmiylashtirsa va xodimga hisoblangan ish haqini holat aniqlangan kundan boshlab bir oy ichida to‘lasa, ma‘muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
1-martdan boshlab tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari, shuningdek, MHTEKMdan past hisoblash tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida korxonaning bahosini pasaytiruvchi mezonlar qatoriga kiritiladi.
Shuningdek, mehnat faoliyatini qonuniylashtirgan fuqarolarni hisobga olish tartibi tasdiqlanmoqda. Yollanma xodimlarni rasmiy ishga joylashtirishdan tashqari, ularga quyidagilar kiradi:
- norasmiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tomonidan yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish;
- yakka tartibdagi tadbirkor maqomini rasmiylashtirish;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
- dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tish (qishloq xo‘jaligi uchun yer ijaraga olinganda).
Yo‘nalishlar va mahallalar kesimida qonuniylashtirilgan fuqarolar ro‘yxati har oyning 18-sanasiga qadar yangiish.mehnat.uz maxsus platformasiga kiritiladi.
Har oyning 20-sanasigacha Bandlik vazirligi ish haqi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanishini tasdiqlovchi ro‘yxatni Soliq qo‘mitasiga taqdim etadi. Shundan so‘ng qonuniy bandlik to‘g‘risidagi ma‘lumotlar oyning 25-sanasidan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga yetkazilishi kerak.
Avvalroq O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qariyb $40 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.
