Xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlarini xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida taqsimlash tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlarini xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida ochiq tanlov yo‘li bilan taqsimlash tartibini belgilaydi.
Agentlik xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni elektron platformada eʼlon qiladi.
Bu haqida xususiy bandlik agentliklarining elektron platformadagi shaxsiy kabinetlariga avtomatik ravishda xabarnoma yuboriladi.
Kvotalar to‘g‘risidagi eʼlon muddati 5 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xususiy bandlik agentliklari kvotalar to‘g‘risidagi eʼlon joylashtirilgan kundan boshlab undagi belgilangan muddat tugagunga qadar ariza yuborishlari mumkin.
Kvotalar arizasi ijobiy qabul qilingan xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida teng taqsimlanadi.
O‘zbekiston 2030-yilgacha 50 ming fuqaroni Nordik davlatlariga, 2026-yili 2,5 ming nafar quruvchilarni Turkiyaga ishga yuborishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Namanganda fuqarolarni xorijga ishga yubormoqchi bo‘lgan konsalting firma vakillari ushlangandi.
