Avvalroq prezidentning aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan (PQ-49), joriy yilda kambag‘allik darajasini 2,8% gacha, ishsizlikni esa 4,5% gacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.

37 ta “og‘ir” tumanda kambag‘allik darajasini ikki baravarga kamaytirish, 33 ta “namunali” tuman va shaharni esa ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirish topshirildi.

1 mln kishini doimiy ish bilan ta‘minlash, 4 mln fuqaroning daromadini oshirish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, 1 mln norasmiy ish o‘rnini qonuniylashtirish va 120 ming mutaxassisni bozorda talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish maqsad qilib belgilandi.

1-iyuldan boshlab vaucher tizimida ishtirok etayotgan ta‘lim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta‘limi ustalari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha diplom yoki malaka pasportiga (sertifikati) ega bo‘lishi shart. Sertifikatlarni berish bilan malakani baholash markazlari shug‘ullanadi.

Shuningdek, 2028-yil boshigacha kasb-hunar ta‘limi sifatini oshirishga qaratilgan yangi subsidiyalar joriy etiladi:

  • o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta‘limi ustalari kasbiy ta‘lim sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%i (20 BHMgacha yoki 8,24 mln so‘mgacha) qoplab beriladi;
  • malakani baholash markazlari ta‘sischilari sotib olingan baholash vositalari xarajatlarining 30%ini (200 BHMgacha yoki 82,4 mln so‘mgacha) qoplash uchun murojaat qilishlari mumkin.

Mas‘ul vazirliklarga aholi bandligini oshirish sohasini rivojlantirish uchun Jahon bankidan $100 mln jalb qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqish topshirildi. Loyiha doirasida mehnat munosabatlari va kasbiy tayyorgarlikni isloh qilish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq 903 ta “og‘ir” mahallada kichik quyosh elektr stansiyalari qurish uchun $110 mln ajratilishi haqida xabar berilgandi.