Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Markaz respublikadagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransportda tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasi hisoblanadi.
Markazning asosiy vazifalari sifatida respublikada ishlab chiqarilgan va olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoki ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash va uzoq muddatli saqlash belgilandi.
Shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqish hamda mazkur sohada ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish markaz vazifalariga kiradi.
Bundan tashqari, sohada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, tegishli davlat organlari bilan samarali axborot almashinuvini taʼminlash ham nazarda tutilgan.
2025-yilning avgustida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘iilshdan so‘ng hozirgi Ekoqo‘mita raisi Aziz Abduhakimov Toshkentda qurilish chiqindilarini qayta ishlashga $270 mln investitsiya yo‘naltirilishini aytgandi.
Avvalroq Buxoro, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda chiqindi yoqish zavodlari qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.
