Toshkent hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Lotte City Hotel Tashkent Palace (sobiq “Toshkent” mehmonxonasi) buzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova xabar berdi.
Bugun Facebook‘dagi “Tashkentskoe vremya…” guruhida barcha xodimlar ishdan bo‘shatilgani va sobiq “Toshkent” mehmonxonasini buzishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytilgan post e‘lon qilindi (hozirda post mavjud emas). Izohlarda poytaxt hokimligi “sobiq “Toshkent” mehmonxonasi buzib tashlanmasligi"ni yozgan.
“Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi va mehmonxona maʼmuriyatining maʼlum qilishicha, ushbu mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” — deb yozdi Gulnoza Qosimova.
Poytaxt hokimligi matbuot kotibi faol fuqarolik pozitsiyasi va poytaxtni rivojlantirish masalalariga befarq emasligi uchun aholiga minnatdorchilik bildirib, rasmiy manbalarga tayanish va tekshirilmagan ma‘lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga ko‘ra, Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasi joylashgan 1,18 gektar maydon konservatsiya zonasiga kiritilgan. Ya‘ni, ushbu hududlarda yangi bino va inshootlar qurilishi taqiqlanadi.
Mehmonxona haqida
To‘rt yulduzli Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasi poytaxt markazidagi 1,14 gektar maydonda joylashgan. Bino va inshootlarning umumiy maydoni — 24 300 kv. m. Mehmonxonada mehmonlarni joylashtirish uchun 232 ta xona mavjud.
Shuningdek, Tashkent Palace majmuasi 3042 kvadrat metrlik ziyofat zali, bir nechta konferens-zallar, ochiq suzish havzasi va fitnes markazini o‘z ichiga oladi. Mehmonxona 2013-yilda boshqaruvga topshirilgan Janubiy Koreyaning Lotte Hotel tarmog‘i tomonidan ta‘mirlangan.
Prezident qarorida Tashkent Palace 2021-yilning yozida Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi va boshqa bir qator yirik davlat aktivlari bilan birga xususiylashtirilishi belgilangan edi. Bevosita sotuvga tayyorgarlik o‘sha yilning oktabr oyida boshlangan.
2024-yil noyabr oyida Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasi ALFA INVEST sug‘urta kompaniyasiga $20 mlnga sotildi. G‘olib tomonidan taklif etilgan narx KPMG va Deloitte xalqaro konsultantlari tomonidan hisoblab chiqilgan bahodan yuqori bo‘ldi.
Savdoda jami 9 nafar talabgor ishtirok etdi, ulardan 3 nafari majburiy takliflarni taqdim etdi. ALFA INVEST mehmonxonaning me‘moriy qiyofasini saqlab qolish va barcha ta‘mirlash yoki qurilish ishlarini Qurilish vazirligi va Madaniy meros agentligi bilan kelishish majburiyatini olgan.
Avvalroq ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi yanada takomillashtirilishi haqida xabar berilgandi.
