Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, biroq o‘quv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55%i o‘z sohasida ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan kelib chiqib, ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot o‘taydi.



Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, 7 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi.
Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Spot Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda infratuzilma va ta’limga $164 mln ajratishi haqida yozgandi. Mablag‘lar avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va mamlakat bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasini qurish va jihozlash uchun yo‘naltiriladi.



