Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilda yirik tarmoq korxonalariga bog‘liq bo‘lmagan hududiy investitsiyalar hajmi $1,4 mlrdga yetgani aytildi. 2026-yilda ushbu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish maqsad qilingani qayd etildi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilda viloyatda makroiqtisodiy barqarorlik ta‘minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 168 trln so‘mni tashkil etib, 7,7%ga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida 8,3%, qishloq xo‘jaligida 4,7%, xizmatlar sohasida esa 13,7% o‘sish qayd etildi. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,2% ga tushdi.

Prezident har bir tuman va shaharni ularning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

Xususan, Nurota va G‘ozg‘onda pardozbop toshlar va turizm, Tomdi va Uchquduqda tog‘-kon sanoati, Navbahorda to‘qimachilik va bog‘dorchilik, Konimexda yaylov chorvachiligi, Zarafshonda zargarlik va axborot texnologiyalari, Karmanada kimyo sanoati va madaniy turizm, Navoiy shahrida esa mashinasozlik va servis sohalari bo‘yicha katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, sanoat rivoji hududlar kesimida nomutanosib ekani qayd etildi. Viloyat bo‘yicha jon boshiga sanoat mahsuloti hajmi 177 mln so‘mni tashkil etsa-da, Tomdi, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida ushbu ko‘rsatkich respublika o‘rtacha darajasidan past qolmoqda. Tomdi va Nurota marmar, kvars va bazalt kabi tabiiy resurslarga boyligi bildirildi.

Shu munosabat bilan Nurota tumanida 50 gektar maydonda granit sanoat parki, qayta ishlash klasteri va pardozbop toshlar bozorini tashkil etish, Xatirchi tumanida 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasini ishga tushirib, $100 mlnlik yuqori qiymatli loyihalarni joylashtirish takliflari ma‘qullandi. Pardozbop toshlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu quvvatlarni kadrlar bilan ta‘minlash maqsadida Navoiy raqamli texnologiyalar texnikumida tog‘-kon va kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Umuman, joriy yilda viloyatga $4,2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilib, eksport hajmini $1,5 mlrdga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda viloyatning kichik va o‘rta korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni mahalliylashtirishga kengroq jalb qilish zarurligi ta‘kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatdagi 9 mln gektar yaylov qo‘ychilik, tuyachilik va yilqichilikni iqtisodiyot drayveriga aylantirish uchun yetarli. Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 2026-yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi.

Umuman, viloyatdagi 3,3 mln gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi. Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash tajribasi asosida Navoiyda cho‘llanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.

Viloyat ta‘lim sohasida ham respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Oliy ta‘lim qamrovi 71% ni tashkil etmoqda, o‘tgan yilda 10 ta maktab bitiruvchilari oliygohlarga kirish bo‘yicha 100% lik natijaga erishdi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida Bir maktab — bir IT sinf tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochish taklif etildi.

Buning uchun viloyatdan 100 nafar o‘qituvchi IT va sun‘iy intellekt yo‘nalishlarida poytaxtda va xorijda malaka oshiradi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon filialida sun‘iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishida kunduzgi ta‘lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq Navoiy xalqaro aeroportida loyihaviy boshqaruv joriy etilishi haqida xabar berilgandi.