Avvalroq prezident 10-fevral kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda turizm sohasi ham muhokama qilindi. 2026-yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 mln mahalliy sayyohni jalb qilish, 72 ta yangi joylashtirish vositasini ishga tushirish hamda 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Buning uchun tuman va shaharlar markazidagi 65 ta mahallani bog‘lovchi ko‘chalar, sohil va yo‘l bo‘yi hududlarida savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari barpo etiladi, shuningdek, turistik salohiyati yuqori bo‘lgan 18 ta mahallada mehmon uylari tashkil etiladi. Xalqaro yo‘llar bo‘yidagi 15 ta mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Nurota tumanida Naqshlar va nurlar milliy kashtachilik markazini tashkil etish, Xatirchi tumanida Langar va Angidon mahallalarini turizmga ixtisoslashtirgan holda rivojlantirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Nurota va Konimex tumanlaridagi 4 ta qishloq turizm qishlog‘iga aylantiriladi.

“Og‘ir” tuman sifatida belgilangan Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” hududi atrofida dam olish va ko‘ngilochar maskan tashkil etish bo‘yicha master reja ishlab chiqiladi. Bu yerda sayyohlar oqimini 3 karraga oshirish hamda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Navoiy shahridagi Alisher Navoiy bog‘i, Yoshlik ko‘li va ular atrofidagi hududlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi taʼkidlandi. Ularni yaxlit holda rivojlantirish orqali aholi uchun qulay va zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish muhimligi bildirildi.

Karmana shahridagi Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom ziyoratgohi, Eski shahar bozori hamda “Yangi avlod” bog‘i negizida “Qadimiy Karmana” madaniyat va turizm markazini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA tajribasini o‘rganib, Navoiy hududining katta qismini egallagan cho‘l va yaylovlarda turizmni rivojlantirish zarurligi ta‘kidlandi.

Ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash ishlarini davom ettirish topshirildi. Xususan, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va Zafarobod shaharlarida ta‘mirtalab holga kelib qolgan 312 kilometr ichimlik suv va 124 kilometr oqova suv quvurlarini 2026−2028-yillarda bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish rejalashtirilgan.

Viloyatdagi barcha maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarida zamonaviy sanitariya sharoitlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari bildirilgan reja va takliflarni ma‘qullab, ularning ijrosi aholi hayotiga aniq o‘zgarishlar olib kelishi lozimligini ta‘kidladi hamda mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

2025-yilning avgustida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Navoiydagi ko‘l atrofida yangi park qurilishi taʼkidlangandi. Unda savdo nuqtalari, atraksionlar, akvapark, plyaj zonalari hamda favvoralar, shuningdek, avtoturargohlar bo‘lishi aytilgan.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonning yettita davlatdagi elchixonalarida madaniyat va turizm maslahatchisi tayinlanishi haqida yozgandi.