2025-yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallar savdosi yarmidan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda Spot’ga savdo maydonchasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili O‘zRTXBda tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2024-yilga nisbatan 31% ga oshdi. Xususan, birja savdolari hajmi 24% ga, elektron davlat xaridlari 46% ga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari 9% ga, telefon raqamlari 55% ga o‘sdi.
Eng yirik bitimlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (umumiy hajmning 37%i), yoqilg‘i-energetika sektori tovarlari (25%), qora va rangli metallar (23%), shuningdek, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari (11%) bo‘yicha tuzilgan.
O‘zRTXBning birja savdolari orqali 4630,3 kg qimmatbaho metallar (o‘sish 59%), shu jumladan 4307,3 kg oltin va 323 kg kumush realizatsiya qilindi.
Birjada oltinning haftalik o‘rtacha tortilgan narxi yil davomida 52% ga — bir gramm uchun 1,09 mln so‘mdan 1,66 mln so‘mgacha oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi $75 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
