Microsoft’ning sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha bosh direktori Mustafo Sulaymon yaqin ikki yil ichida sun’iy intellekt ofis ishlarining katta qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Sulaymon, Microsoft’ning “professional sun’iy intellekti” korporativ bozorda ko‘proq ulushni qo‘lga kiritishni maqsad qilganini ta’kidladi.
U, shuningdek, joriy yilda Microsoft yangi avlod SI modellari taqdim etishini ma’lum qildi.
Sulaymon “professional sun’iy umumiy intellekt"ni insonlar bajara oladigan deyarli barcha ishlarni qila oladigan sun’iy intellekt modeli sifatida ta’rifladi.
Bu Microsoft’ga o‘z mijozlariga aqliy mehnat xodimlarining kundalik vazifalarini avtomatlashtirish imkonini beradigan kuchli sun’iy intellekt vositalarini taqdim etish imkoniyatini yaratadi.
U yaqin kelajakda mehnat bozorida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishini bashorat qildi va kompyuterda ishlaydigan deyarli har bir kishining ish o‘rni sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirish xavfi ostida qolishi mumkinligini ta’kidladi.
“Kompyuter qarshisida bajariladigan ofis ishlarining asosiy qismi — xoh yurist, buxgalter, loyiha menejeri yoki marketolog bo‘lsin — kelgusi 12−18 oy ichida sun’iy intellekt tomonidan to‘liq avtomatlashtiriladi”, — dedi Sulaymon.
Mustafo Sulaymon yaqin yillarda odamga o‘xshab “ongli” ko‘rinadigan SI paydo bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Uning fikricha, bunday tizimlarga qarshi kurashish kerak. Chunki agar sun’iy intellekt haddan tashqari “insoniy” bo‘lib qolsa, rivojlanish sekinlashadi.
Odamlar uni amaliy qo‘llash o‘rniga “SI huquqlari” va unga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqida bahslashishga kirishib ketadi.
Avvalroq Spot sun’iy intellekt tufayli insoniyatning yo‘q bo‘lib ketish xavfi 95% deb baholanayotgani haqida yozgandi.
Google va Microsoft sobiq muhandisi Neyt Soaresning qayd etishicha, sun’iy intellekt hozirgi sur’atda rivojlanishda davom etsa, bunday yuqori ko‘rsatkich saqlanib qoladi.
