Avvalroq prezident kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda mamlakatdagi madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.
800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi taʼmirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini o‘tkazish bilan cheklanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan bo‘lib, birinchisi Toshkent shahridagi Gulshan madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda.
Unda “madaniyat — taʼlim — hordiq — muloqot” zanjiri asosida turli yo‘nalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va to‘garaklar tashkil etiladi.
Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida Anʼanaviy sanʼat oliy maktabini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu oliy maktab kulolchilik va g‘isht terish, manzarali bezak, yog‘och o‘ymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi.
Taʼlim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027-yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031-yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, Turkiston yozgi amfiteatrini taʼmirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini UNESSO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini taʼkidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli taʼminlashga ko‘rsatma berdi.
Avvalroq 2026-yildan “O‘zbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi boshlanishi haqida xabar berilgandi.
