Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortining qurilishi shu yil bahorda boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda 11-fevral kuni Agalarov Development kompaniyasi rahbari, Sea Breeze Resort egasi Emin Agalarov jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Spot muxbiri.

Loyihani amalga oshirish, ayniqsa, so‘nggi olti oyda cho‘zilib ketmadimi, degan savolga u bunday yirik loyihalar davlat organlari bilan aniq hamkorlikni — barcha hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va zarur ekologik tartib-qoidalardan o‘tishni talab qilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Chorvoqda developer hududni ko‘kalamzorlashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Yaqin kunlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan investitsiya shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

“Biz uni [investitsiya shartnomasini] imzolaganimizdan so‘ng, barcha shaharsozlik jarayonlaridan o‘tishimiz, ekologlar, FVV va quruvchilarning xulosalarini olishimiz va tegishli ravishda rasmiy qurilishni boshlashimiz mumkin. O‘ylaymanki, bu yil bahorda, agar hammasi yaxshi bo‘lsa, biz birinchi binolar qanday ko‘tarilayotganini ko‘ramiz”, — dedi Agalarov.

23-yanvar kuni G‘azalkentda Sea Breeze Uzbekistan loyihasi va uning atrof-muhitga ta‘siri bo‘yicha birinchi jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tgandi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

2025-yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.

Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Avgust oyida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Agalarov Development ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrdlik umummavsumiy kurort majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi. Loyiha bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.

Sea Breeze Uzbekistan’ga ushbu yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara muddati yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquq bilan 25 yilni tashkil etadi. Kamaytiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda ijara narxi 17 mlrd so‘mni tashkil etdi, uni ijarachi 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin (bozor bahosi — 1,7 trln so‘m).

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida kompaniya istisno tariqasida 2029-yil oxirigacha qurilishni loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish huquqini oldi.

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararlar Toshkent viloyati mahalliy budjetiga Sea Breeze Uzbekistan tomonidan ajratiladigan $5 mln miqdoridagi mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Developer qimmatbaho daraxtlarni yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chirib o‘tkazishi mumkin. Kompaniyaga kompensatsiya sifatida 5−7 yoshli kamida 10 ta daraxtni ekish orqali kam qiymatli daraxtlarni kesishga ruxsat beriladi.