Agalarov Development kompaniyasi prezidenti, Sea Breeze Resort egasi Emin Agalarov Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish loyihasini moliyalashtirish masalasiga izoh berdi. Bu haqda tadbirkor jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

Developerning ta‘kidlashicha, Sea Breeze loyihasi doirasida Ozarbayjonda 3 mln kvadrat metr ko‘chmas mulk sotilgan. O‘tgan 20 yil ichida Bokuda bajarilgan ishlarning umumiy hajmi taxminan $10 mlrdni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda kompaniya bir vaqtning o‘zida 3 mln kvadrat metr qurilish ishlarini olib bormoqda, ularni amalga oshirish taxminan uch yilga mo‘ljallangan.

O‘zbekistonda Sea Breeze loyihasining birinchi bosqichida 0,5 mln kvadrat metr ko‘chmas mulk qurish rejalashtirilgan. Agar sharoitlar qulay bo‘lsa, 2−3 yildan keyin kutilayotgan ikkinchi bosqichda 1 mln kvadrat metr bo‘ladi.

Moliyalashtirish manbalari haqida gapirar ekan, Emin Agalarov loyiha qisman o‘z mablag‘lari va qisman xalqaro investorlar hisobidan moliyalashtirilishiga aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar tomonidan loyihaga qiziqish juda yuqori.

“Men hozircha ularni [investorlarni] tilga olishni istamasdim, chunki ular bilan hali hech narsa imzolanmagan. Ammo ular men bilan uzoq vaqtdan beri ishlaydigan do‘stlarim va bir emas, bir nechta mamlakatlarda. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda, men barcha qonuniy asoslarni qo‘lga kiritib, investitsiya shartnomasini imzolaganimdan so‘ng, biz ular bilan Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga integratsiya qilish bo‘yicha shartnomalar imzolashimiz mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, tadbirkor yaqin orada Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya shartnomasi imzolanishini ma‘lum qildi.

Shu bilan birga, u hozircha loyiha bo‘yicha hech qanday bitim tuzilmaganini ta‘kidladi, chunki investitsiya shartnomasi imzolanmaguncha quruvchi investorlar bilan shartnomalar tuzish huquqiga ega emas. Hukumat bilan kelishuv imzolangandan so‘ng, developer investorlar bilan shartnomalar tuzishi mumkin bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi Agalarov.

Avvalroq Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan qurilishini bahorda boshlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.