Padua universiteti psixologlari jamoasi Federika Anjelini rahbarligida uch yil davomida 10−15 yoshdagi 1211 nafar niderlandiyalik maktab o‘quvchisini kuzatdi.
Mutaxassislar o‘smirlarning kontentni qanchalik tez-tez ko‘rishi, post joylashi, muloqot qilishi va shaxsiy kechinmalarini ulashishini tahlil qildi.
Shu bilan birga, ularning psixologik motivlari ham baholandi: muhim narsani o‘tkazib yuborish qo‘rquvi, mashhurlikka intilish va yaqinlikka bo‘lgan ehtiyoj.
Statistik tahlil yordamida olimlar foydalanuvchilarning to‘rtta turini aniqladilar. Eng katta guruh — “universal foydalanuvchilar” (54%) — faollikning barcha turlari bilan o‘rtacha shug‘ullanishdi: tasmani varaqlashdi, postlar joylashdi va muloqot qilishdi.
Ushbu o‘smirlar tadqiqot davomida sifatli do‘stona munosabatlarni saqlab qolishdi. Ular uchun ijtimoiy tarmoqlar sog‘lom oflayn hayotning davomiga aylandi.
Ikkinchi eng katta guruh — “kam faol foydalanuvchilar” (30%) — ijtimoiy tarmoqlarga kam kirgan. Go‘yoki ekran oldida kamroq vaqt o‘tkazish ruhiyat uchun yaxshiroqdek tuyuladi.
Ammo ma’lumotlar boshqacha manzarani ko‘rsatdi: bu o‘smirlarning do‘stlik aloqalari avvaldan zaifroq bo‘lgan. Ular texnologiyalardan ongli ravishda “voz kechmagan” — shunchaki u yerda muloqot qiladigan odamlari bo‘lmagan.
Taxminan 8% ni tashkil etgan “ochiq foydalanuvchilar” shaxsiy kechinmalari va sirlarini onlaynda faol ravishda baham ko‘rishgan. Yuqori darajadagi tashvish va tushkunlikka qaramay, ular mustahkam do‘stliklarini saqlab qolishgan.
Ehtimol, ko‘z bilan aloqa va og‘zaki bo‘lmagan signallarsiz onlayn muloqot ularga o‘zlarini ochishda yordam bergan.
7% esa “egotsentrik foydalanuvchilar” bo‘lib chiqdi — ular o‘zlari haqida ko‘p post qilgan, ammo boshqalarga kam qiziqish bildirgan. Ularning asosiy motivi do‘stlar bilan aloqa emas, balki o‘zini namoyish qilish va status edi.
Aynan shu guruhda uch yil davomida do‘stlik sifati pasaygan. Auditoriya ortidan quvish, ko‘rinadiki, shaxsiy munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qilmaydi.
Tadqiqotning asosiy xulosasi oddiy: ijtimoiy tarmoqlar bor narsani kuchaytiradi. Mustahkam aloqalarga ega o‘smirlar platformalardan ularni saqlab qolish va rivojlantirish uchun foydalanadi.
Oflayn muloqotda qiynaladiganlar esa texnologiyalarda najot topmaydi — aksincha, jamiyatdan yanada uzoqlashib ketish xavfi bor.
Bu ota-onalar va pedagoglar uchun muhim signal: ekran vaqtini cheklash bo‘yicha umumiy tavsiyalar o‘smir ijtimoiy tarmoqlardan aynan qanday va nima maqsadda foydalanayotganiga e’tibor qaratishdan ko‘ra kamroq samara berishi mumkin.
Aytgancha, tadqiqot onlayn muloqotga eng ko‘p sho‘ng‘igan guruh — o‘smirlar xulq-atvorini o‘rgangan bo‘lsa-da, uning natijalari har qanday yoshdagi odamlar uchun ham dolzarbdir.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.
