Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sertifikatsiya jarayonini yanada soddalashtirish zarurligi qayd etildi. Hozirgi murakkab tizim tannarx asossiz oshishiga, byurokratiya va korrupsiyaga sharoit yaratayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etilib, qolgan tovar pozitsiyalari bo‘yicha ham majburiy sertifikatlashni bekor qilish va bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga o‘tkazish taklif qilindi.

“Mahsulotning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qabul qilish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Sohada institutsional o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar UzTest markazini tugatish va Akkreditatsiya markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish orqali 5 tadan 3 taga qisqartirilishi belgilandi.

Sinov va sertifikatlash xizmatlarini to‘liq xususiy sektorga berish taklif qilindi.

Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Angliyaning “Intertek”, Shvetsiyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi.

Taqdimotda “SUz” milliy muvofiqlik belgisini joriy etish, akkreditatsiya organining mustaqilligini taʼminlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish, metrologiya tizimini isloh qilish hamda etalon bazasini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi hamda yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.