Markaziy bank bank kartalari soniga qo‘yilgan cheklovni uzaytirdi. Bu haqda Spot’ga mahalliy banklardan biridagi manba ma’lum qildi.
O‘tgan yili joriy etilgan vaqtinchalik tartibga ko‘ra, bir shaxs nomiga ochiladigan bank kartalari soni (virtual va kobeyjing kartalari bilan birga) 20 tagacha cheklangandi. Shundan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin edi. Cheklov chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur vaqtinchalik tartib 2025-yil 31-dekabrda yakunlanishi kerak edi.
Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, regulyator kartalar soniga qo‘yilgan cheklovni yana bir yilga uzaytirgan. Markaziy bank bu borada rasmiy izoh bermadi.
O‘tgan qishda tijorat banklari aktiv bank kartalari mavjudligi haqida mijozlarni xabardor qila boshladi. Shuningdek, fuqarolar 12 oy davomida “harakatsiz” bo‘lgan kartalarni bloklash haqida ogohlantirildi.
Sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bir mijozga to‘g‘ri keladigan kartalar soni bo‘yicha limitni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, 2025-yil boshida bir yil muddatga joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlarni komplayens tizimini kuchaytirish orqali o‘zgartirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Bank kartalarini ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartibning maqsadi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali ular bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.
Markaziy bank internetda “investitsiya loyihalari” niqobi ostidagi platformalarda kartalarning qo‘llanilishini o‘rgandi. Ular doirasida 67 nafar shaxs 1 626 ta bank kartasidan foydalangani aniqlandi.
O‘rganishlarda 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta kartadan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalar uchun foydalanilayotganligi ma’lum bo‘ldi: Tradezone ai, Consulting Control Session va Scode Capital.
Avvalroq Spot so‘mning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 6−7% ga qisqargani haqida yozgandi.
