Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yilning yanvaridagi yig‘ilishlarida 27 ta masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 17 ta masala ko‘rib chiqildi. Shundan 4 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2 tasi esa ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Yig‘ilishlarda, shuningdek, 3 ta to‘lov tashkilotiga litsenziya berish masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari yuzasidan 5 ta masala ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Baraka Biznes Hamroh Mikromoliya Tashkiloti va Effective Money Mikromoliya Tashkiloti korxonalari o‘z arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarildi.

Bundan tashqari, IT Unisoft Group aksiyadorlik jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya ham o‘z arizasiga muvofiq bekor qilindi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Unda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial meʼyorlar talablariga rioya etilishi, shuningdek, bank hamda mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari muhokama qilindi.

Bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va to‘lov tashkilotlari tomonidan belgilangan talablarga amal qilinishi yuzasidan masalalar ko‘rildi.

Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi uchun 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan qatʼiy choralar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.

Shuningdek, korporativ bank kartalariga xizmat ko‘rsatish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani, hamda inspeksiyalar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Yanvarda ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazmagani va bank faoliyatiga oid qator talablar bajarilmagani sababli Yangi Bank‘ning bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi.


Spot, avvalroq, Markaziy bank bank kartalari soniga qo‘yilgan cheklovni uzaytirgani haqida yozgandi.