Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi, Savdo va servis uyushmasi raisi Zafar Hoshimov yig‘ilishda hozirgi modelda mahsulotni bozorga chiqarishdan oldin sertifikat olish kerakligini aytdi.

“Men bu misolni juda ko‘p keltiraman: mana, biz tandirda non yopamiz, ustiga sedana sepamiz. Bizdan ustiga jizza sep deyishsa, har bir marketdan olti oy sertifikat olib chiqishimiz kerak. [Yangi tizim] bir tomondan tadbirkorlarning yuki va tranzaksiya xarajatlarini kamaytirsa, ikkinchi tomondan mas‘uliyatini oshiradi. Agar nonimiz o‘xshamay qolsa, birov kelsa, biz: „Mana, sertifikat bor. Kim javobgar? Tadbirkor emas, davlat“, deb aytishimiz mumkin… [Yangi tizimda] tadbirkor mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, mahsulotni chiqaradi, bozor esa uning sifatiga baho beradi”, — deya tushuntirdi Hoshimov.

Tadbirkor oylab ishlab chiqilgan “Bozor nazorati to‘g‘risida"gi yangi qonun chuqur ishlangan hujjat ekanini aytdi. U sanoatni modernizatsiya qilish uchun poydevor, “haqiqiy bozor iqtisodiyoti"ni barpo etish yo‘lida katta qadam bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lishi uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi va butun iqtisodiyotni o‘zgartirish uchun zamin yaratadi. U prezidentga taqdim etilgan takliflar qabul qilinishiga umid bildirdi.

“Men juda katta umiddaman, bugungi taqdimot yakunlari bo‘yicha ushbu qarorlarni qabul qilsak, aytamanki, bu sanoat uchun konvertatsiya ochilganidek katta ahamiyatli qadam deb bilaman”, — deya xulosa qildi Hoshimov.

bozor nazorati, jahon savdo tashkiloti, prezident, qonun loyihasi, shavkat mirziyoyev, zafar hoshimov

Kuni kecha davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozor nazorati mexanizmlariga o‘tish rejalashtirilayotgani ma‘lum bo‘ldi. Buning uchun “Bozor nazorati to‘g‘risida"gi alohida qonun loyihasi tayyorlandi.

Prezident eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechib, to‘liq xalqaro standartlarga o‘tish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozirgi vaqtda 33 mingdan ortiq standartlar mavjud — ularning yarmi eskirgan yoki xalqaro talablarga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan 6 ta texnik reglamentni bekor qilish va 29 tasini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028-yilda 817 ta xalqaro standart qabul qilinishi belgilangan.

Avvalroq UzTest markazi tugatilishi, Akkreditatsiya markazi esa hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.