Spotify’dan ko‘chirilgan millionlab treklar eng yirik Anna’s Archive darknet kutubxonasida mavjud bo‘ldi. Bu haqda cybernews nashri xabar berdi.
Platformadan ko‘chirib olingan audio yozuvlar asta-sekin barcha istaganlar uchun ochiq bo‘lib bormoqda.
Anna’s Archive dunyoga mashhur xizmatning $13 trlnlik “tasavvurga sig‘maydigan sud da’vosi"ga qaramay, millionlab treklarni e’lon qila boshladi.
“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 2,8 mlndan ortiq audio fayllarni o‘z ichiga olgan torrentlar yaqinda „Spotify zaxira nusxasi“ yaratilganini e’lon qilgan yirik soyali raqamli kutubxona Anna’s Archive tomonidan chiqarilganini payqashdi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, fayllar o‘zida o‘rnatilgan multimedia ma’lumotlari va metama’lumotlarni mujassam etadi — qo‘shiq nomi, albom, uning muqovasi, ijrochi, nashriyotchi.
Taxminlarga ko‘ra, audioyozuvlar 47 ta torrentga joylashtirilgan bo‘lib, bu jami 6,4 terabayt hajmdagi ma’lumotni tashkil etadi. Hozircha torrent fayllarga eng ommabop treklar kiritilgan.
“Ushbu reliz 86 mln trekdan iborat e’lon qilingan 300 terabayt musiqaning kichik bir qismi bo‘lib, Spotify’dagi tinglashlarning 99,6%ini tashkil qiladi. Avvalroq Anna’s Archive blogida ma’lumotlar bosqichma-bosqich e’lon qilinishi aytilgan edi. Kutubxona allaqachon 200 gigabayt hajmli torrent faylini chiqardi,” — deyiladi xabarda.
Spotify noqonuniy yuklab olish bilan shug‘ullangan shubhali foydalanuvchi hisoblarini aniqlagan va ularni o‘chirib tashlagan. Bu haqda kompaniya o‘zi ma’lum qildi.
Keyinchalik striming giganti yirik musiqa yozuv kompaniyalari bilan hamkorlikda darknet kutubxonasiga qarshi $13 trlnlik da’vo arizasini sudga topshirdi.
2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar mavjudligi haqidagi xabarlar e‘lon qilindi. Xakerlar yashirin forumlarda maxfiy ma’lumotlar sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon joylashtirgan.
Xakerning da’vo qilishicha, hukumatning asosiy OAuth-autentifikatsiya serveri buzilgan bo‘lib, bu davlatni ishonchli autentifikatsiya markazi sifatida foydalanadigan barcha mijoz tizimlarini zararlagan.
Buzilgan OAuth-serverlar orqali 15 mln foydalanuvchiga oid ma’lumotlar olinib, Ijtimoiy himoya milliy agentligida barcha tibbiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “to‘liq ko‘lamli ma’lumotlar sizib chiqishi” sodir bo‘lgan.
