11-fevral kuni “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori (PQ-59-son) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab startap g‘oyalarni yaratishga o‘rgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkaziladi. Loyiha bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari hamda 9−11-sinf maktab o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba tashkil etiladi.
Bunda o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi, tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida — 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot beriladi.
Loyihalar har chorakda o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi. Marketpleyslar bilan hamkorlikda ta’lim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlar sotuvga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2026-yildan har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash bo‘yicha “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilib, g‘oliblarga 100 mln so‘m grant beriladi. Respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi, mukofot jamg‘armasi 10 mlrd so‘m etib belgilanib, mablag‘lar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladi.
Joriy yil 1-sentabrdan OTMlarda “Oliygohlar — startaplar generatori” dasturi amalga oshiriladi. OTMlarda IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi.
Oliygohlarga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga $20 minggacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi.
Talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka va almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari ko‘zda tutiladi.
Avvalroq Hult Prize startaplar tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘zbekistonlik talabalar ham ishtirok etishlari mumkin. Tanlovning final bosqichi g‘olibi o‘z loyihasini rivojlantirish uchun $1 mlnlik grantga ega bo‘ladi.
