Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

So‘nggi to‘rt yilda milliy standartlarning yarmi xalqaro talablarga to‘liq uyg‘unlashtirilgani, mamlakat akkreditatsiya tizimi 185 ta davlat orasida 29-o‘rinni egallagani qayd etildi. Milliy laboratoriyalar natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 ta davlat tomonidan tan olina boshladi.

Shu bilan birga, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 156 ta tovar pozitsiyasini majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilindi. Majburiy sertifikatdan o‘tadigan tovarlar pozitsiyasi 27% ga qisqardi.

Tadbirkorlar sohada adolatli raqobat muhiti shakllangani, ortiqcha ovoragarchilik kamayganini tan olayotgani ta’kidlandi. Sohada hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi aytildi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida birinchi navbatda texnik tartibga solish tizimi to‘liq xalqaro talablarga mos bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Mahsulotni baholashda korxona faoliyatini tekshirish amaliyoti tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda, uning aylanmasi emas, uni ishlab chiqargan tadbirkorning faoliyati cheklanmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasida xavf-tahlilga asoslangan bozor nazorati tizimi amal qiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash orqali barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, sifat va xavfsizlikni kafolatlaydi.

O‘zbekistonda davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga o‘tiladi. Buning uchun “Bozor nazorati to‘g‘risida” alohida qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechish va to‘liq xalqaro standartlarga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirda 33 mingdan ortiq standart mavjud bo‘lib, ularning 50%i eskirgan yoki xalqaro talablarga mos emas.

Shu bois, 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. Joriy yilda 4 460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028-yilda esa 817 ta xalqaro standartni qabul qilish maqsad qilingan.

2026-yil 1-iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, 2027-yildan boshlab neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, 2028-yildan boshlab esa energetika, kimyo, ekologiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etish rejalari ma’lum qilindi.

2025-yilning aprel oyida prezident mahsulotlarning bozorga kirishi yengillashtirilib, realizatsiyadagi nazoratni kuchaytirish uchun mutasaddilarga “Bozor nazorati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishni topshirgandi.

Avvalroq Spot mahalliy mahsulot sertifikatini rasmiylashtirish xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi. Ushbu xarajatlar sertifikat yoki ekspert xulosasining amal qilish muddati davomida bir marta kompensatsiya qilinadi.