Agalarov Development kompaniyasi prezidenti va Sea Breeze Resort egasi Emin Agalarov Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida barpo etiladigan Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish loyihasi qiymatini baholadi. Bu haqda tadbirkor jurnalistlarga bergan intervyusida ma‘lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning aytishicha, loyiha bahosi qurilish zichligi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilgan Shaharsozlik kengashi bilan hamkorlikka bog‘liq bo‘ladi.
Qurilish zichligi 1 ga teng bo‘lganda, taxminan 560−570 gektar maydonda 5 mln kvadrat metr ko‘chmas mulk barpo etish mumkin. Bu taklif etilayotgan uy-joy turiga qarab taxminan $5−7 mlrdga to‘g‘ri keladi.
Agar zichlik koeffitsiyenti 2 ga yetsa, qurilish hajmi 10 mln kvadrat metrga chiqishi mumkin, investitsiya loyihasining qiymati esa mos ravishda ikki barobar oshib, $10 mlrddan yuqori bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi developer.
“U yerda murakkab landshaft va to‘g‘ri segmentlar juda kam bo‘lgani uchun, ya‘ni biz asosan tog‘li hududda qurishimiz sababli, menimcha, zichlik taxminan bir birlik, balki undan ham kamroq bo‘ladi. Shunga ko‘ra, mening hisob-kitoblarimga binoan, bu $5−7 mlrdlik potensial investitsiyalardir”, — dedi Emin Agalarov.
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi. Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi.
2025-yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.
Avgust oyida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Agalarov Development ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrdlik umummavsumiy kurort majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi. Loyiha bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.
Avvalroq Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan qurilishini bahorda boshlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
