Avvalroq prezidentning startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2030-yilgacha startap ekotizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Startap loyihalar soni 5 mingtaga hamda jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi $2 mlrdga yetkaziladi.

500 ta startap loyiha qiymati $1 mlndan, 100 ta loyiha qiymati $10 mlndan hamda 25 ta startap loyiha qiymati $100 mlndan yuqori bo‘lgan kompaniyalarga aylantiriladi.

Startap loyihalar ishga tushishi natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yoshlarning 2 mingta startap g‘oyalari tijoratlashtirilib, kamida 400 ta startap loyihasi xalqaro bozorlarga olib chiqiladi.

Startap g‘oyani shakllantirish, loyihani ishlab chiqish, ishga tushirish hamda masshtablashtirishni o‘z ichiga qamrab oluvchi 4 bosqichli startap ekotizimi joriy etiladi.

2026-yil 1-apreldan boshlab Startap ekotizimining yagona elektron platformasi ro‘yxatdan o‘tgan startap ekotizimi ishtirokchilariga bir qator xarajatlar qoplab beriladi.

Jumladan, o‘quv kurslarida o‘qish va sertifikat olish hamda akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50%igacha bo‘lgan, biroq $20 mingdan oshmagan miqdori qoplanadi.

Shu bilan birga,patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish ham qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan yoshlar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi.

Unga ko‘ra, startap studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun har yili 20 tagacha loyihaga moliyaviy ko‘mak ajratiladi.

Bunday loyihalarga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha foizsiz qarz (ssuda) beriladi.

Shuningdek, mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan, umumiy miqdori BHMning 100 baravaridan (41,2 mln so‘m) oshmagan grant taqdim etiladi.

Joriy yil 1-apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida Startaplar klubi tashkil etiladi.

Ularga startap tashabbuskorlari bilan har oy uchrashish, mavjud masalalar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatish va hududdagi yirik tadbirkorlarni startap loyihalarga biriktirish vazifalari yuklanadi.

Platformadagi muvaffaqiyatli startaplar reyestriga kiritilgan loyihalar bilan byudjet buyurtmachilari o‘rtasida davlat xaridlari doirasida shartnomalar tuziladi.

500 mln so‘mgacha bo‘lgan xaridlar bo‘yicha oldindan to‘lov 50%, 500 mln so‘mdan yuqori xaridlar bo‘yicha esa 30: etib belgilandi.

Soliq va muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda soliq xavfi past bo‘lgan platformadagi muvaffaqiyatli startaplar reyestridagi loyihalar qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Ularga xorijiy davlatlarda korxonalar tashkil etish, ustav fondini shakllantirish yoki filiallarni aylanma mablag‘lar bilan taʼminlash uchun yiliga $500 minggacha mablag‘ni xorijiy hisob raqamlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yanvar oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda 2030-yilga borib qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan 25 ta startap paydo bo‘lishi haqida aytgandi.

Spot, avvalroq, o‘quvchi va talabalar uchun startap g‘oyalar tanlovi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.