Avvalroq 13-fevral kuni prezident raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda 2025-yili Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinib, dunyodagi nufuzli Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruviga berilgani taʼkidlandi.
Ushbu kompaniya bir yil davomida strategik korxonalar faoliyatini tahlil qilgan. Ekspertlar “korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi, xarajatni qisqartirish, foydani oshirish bo‘yicha zaxira ko‘p”, demoqda.
Buning uchun 19 ta strategik korxona rahbari xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish, energiya samaradorlik bo‘yicha qattiq ishlab, tannarxni 10−20%ga qisqartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan emas, balki bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta‘minlanishi shart”, — dedi prezident.
Strategik korxonalarni “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi bilan qamrab olish, barcha xaridlarni risk-tahlil asosida “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratib, samarasiz xarajatlarga butunlay chek qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Avvalroq Bosh prokuratura past quvvatda ishlayotgan korxonalar faoliyatini o‘rganishi haqida xabar berilgandi.
