Mahalliy developer Murad Buildings Yangi Toshkentda yerlarni ajratish jarayonida shaffoflikni oshirishga chaqirmoqda. Bu haqda kompaniyaning operatsion direktori Vyacheslav Krivosheyev 11-fevral kuni Move Real Estate Summit xalqaro anjumanidagi munozaralar doirasida ma‘lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkentda yer uchastkalarining keng tanlovi mavjud bo‘lib, keyingi besh yil ichida qurilish ishlari faol olib boriladi. Davlat nafaqat ma‘muriy binolar qurmoqda, balki infratuzilma yaratmoqda, kommunikatsiyalarni yetkazmoqda va developerlarga tezkor qurilish imkonini bermoqda, deb ta‘kidladi u.
“Muayyan qiyinchiliklar mavjud. Yer ajratish jarayonining shaffofligini oshirish zarur. Muddatlarga yana-da moslashuvchan yondashish kerak, chunki davlat Tashkent Invest timsolida ba‘zan amalga oshirib bo‘lmaydigan muddatlarni belgilaydi. [Quruvchilardan] U yerda fasadlarni juda tez tayyorlash talab etiladi, chunki bu birinchi liniya hisoblanadi va davlat rahbarining tashriflari bo‘ladi”, — dedi Vyacheslav Krivosheyev.
Murad Buildings vakili Yangi Toshkent loyihasining ahamiyati haqida gapirar ekan, prezident unga “juda katta e‘tibor” qaratayotganini ta‘kidladi. Yangi shahar “iqtisodiy o‘sish ramzlaridan biri"ga aylanib, butun dunyoga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, demografik imkoniyatlari va istiqbolini namoyish etadi.

Bundan tashqari, xuddi shu munozara doirasida Vyacheslav Krivosheyev shu bahorda Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma‘lum qilgandi. O‘zgartirishlar faqat oz sonli loyihalarga taʼsir qiladi va keyinchalik hujjatga tuzatishlar kiritish juda qiyin bo‘ladi.
Yangi Toshkent
Hozirda Yangi Toshkentda turli ko‘lamdagi 100 dan ortiq loyihalar faol amalga oshirilmoqda, ularning shakl-shamoyillari asta-sekin namoyon bo‘la boshladi. 2025-yilda yangi shaharda ish maydoni 3 mln kvadrat metrga yetdi va bir nechta turar-joy majmualarining qurilishi yakuniy bosqichga kirdi.
Birinchi bosqichda qurilish ishlari 6 ming gektar maydonni qamrab oladi. Natijada 600 ming kishining yashashi va ishlashi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Loyiha yakunida esa Yangi Toshkent 2 mln aholiga mo‘ljallangan ulkan megapolisga aylanadi.
Auksion orqali sotilgan 24 ta tijorat loti bo‘yicha $2 mlrdlik investitsiya shartnomalari imzolandi. Ushbu mablag‘lar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, xizmat ko‘rsatish majmualari va noyob arxitekturaga ega binolar barpo etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yilning 1-iyulidan ishga tushirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
