Prezidentning 2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjat bilan, viloyatni joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi yillik o‘rtacha 7,9%ga, sanoat 7,8%ga, bozor xizmatlari 15,6%ga, qishloq xo‘jaligi 5,7%ga o‘sishi taʼminlanadi.
Viloyat kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantiriladi hamda aholi daromadlari barqaror o‘sishi taʼminlanadi. 4,5 ming nafar aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi.
Karmana ko‘chasi renovatsiya asosida milliy uslubdagi madaniy, turizm va xizmat ko‘rsatish markaziga aylantiriladi. Shu maqsadda Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom tarixiy ziyoratgohlari restavratsiya qilingan holda o‘zaro bog‘lanadi.
“Yangi avlod” istirohat bog‘i va “Karmana dehqon bozori” bilan uyg‘unlashtirgan holda “Qadimiy Karmana” turistik markazi tashkil qilinadi.
Viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti va qulay yashash sharoitlari yaratiladi.
Og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish uchun ushbu mahallalarga 60 ta tik quduq qazish, transformator o‘rnatish, elektr tarmog‘i tortish va sug‘orish tarmoqlarini betonlash tadbirlari amalga oshiriladi.
2026−2027-yillarda Navoiy viloyatida tuyachilik va yilqichilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Grant mablag‘larini jalb etgan holda aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud mayda shoxli mollar 2026−2027-yillar davomida to‘liq identifikatsiya qilinadi.
Fevral oyi boshida Navoiy xalqaro aeroportida loyihaviy boshqaruv joriy etilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Unda yo‘lovchi tashish hajmi 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa 45 ming tonnaga yetkazilishi belgilangan.
10-fevral kuni davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Navoiyga 2026-yili $4,2 mlrd investitsiya jalb qilinishi aytilgandi.
Avvalroq Andijon 2026-yilda qanday rivojlantirilishi haqida xabar berilgandi.
