Portugaliya parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi va buni amalga oshirgan eng so‘nggi Yevropa davlati bo‘ldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Qonun loyihasi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarga erkin kirishini cheklaydi, buning uchun ularning ota-onalari yoki qonuniy vasiylarining roziligi talab etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarga kirishga kelsak, amaldagi qonunchilik voyaga yetmaganlarning rozilik yoshi chegarasini 13 yosh etib belgilaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlar platformalari, video almashish xizmatlari va ochiq muloqot xizmatlaridan mustaqil foydalanish uchun minimal raqamli yosh 16 yosh etib belgilandi, 13 yosh va undan katta bolalar ulardan faqat (…) ota-onalarining aniq va tasdiqlangan roziligi bilan foydalanishlari mumkin”, — deyiladi taklifda.
13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga “ushbu qonun bilan tartibga solinadigan platformalar, xizmatlar, o‘yinlar va ilovalarga kirish taqiqlanadi”.
Kirish cheklovlari Instagram, Facebook yoki TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlarga joriy etiladi, ammo ko‘plab ota-onalar farzandlari bilan muloqot qilish uchun foydalanadigan WhatsApp’ga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Sotsialistik partiyaning fikriga ko‘ra, kompaniyalar va platformalar 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar foydalanishi mumkin bo‘lgan tarmoqlar “zo‘ravonlik, erta yoshdagi jinsiy mazmundagi kontent, qaram qilib qo‘yadigan o‘yinlar, tahrirlangan videolar va tasvirlar ta’sirini oldini olish uchun ma’lum funksiyalarga ega bo‘lishini ta’minlashlari shart”.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yangi hisob ochish imkonsiz, 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa “raqamli mobil kalit bilan bog‘langan mexanizm yoki voyaga yetmagan shaxsni aniqlash va faqat uning yoshini ko‘rish imkonini beruvchi boshqa mexanizm talab etiladi”.
Tasdiqlangan chora-tadbirlarning samarali bajarilishini ta’minlashga kelsak, sotsial-demokrat deputatlar bu masala bo‘yicha nazorat uchun Milliy aloqa boshqarmasi (Anacom) va Milliy ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi (CNPD) mas’ul bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar
Parlament yig‘ilishi davomida muxolifat partiyalari qonunni qo‘llash, shaxsiy hayotni himoya qilish, shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, shuningdek, yoshlarning kirish cheklovlarini chetlab o‘tish uchun VPN’dan foydalanish ehtimoli haqida xavotir bildirishdi.
Ispaniya va Gretsiya bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Seshanba kuni Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Dubayda o‘tkazilgan Butunjahon hukumat sammitida 16 yoshdan kichik shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishi haqida ma’lum qildi.
Shuningdek, Sanches hukumat ijtimoiy tarmoq rahbarlarini o‘z platformalarida nafratni qo‘zg‘atganlik uchun shaxsan javobgar qiladigan qonun qabul qilishini aytdi.
15 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashga tayyor bo‘lgan yana bir mamlakat Gretsiya bo‘lishi mumkin.
“Gretsiya 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashga „juda yaqin“ turibdi,” deya ta’kidlanadi agentlik xabarida.
27-yanvar kuni Fransiya Milliy majlisi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Prezident Emmanuel Makron hukumatni qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, taqiq 2026-yil 1-sentabrgacha — yangi o‘quv yili boshlangunga qadar kuchga kiradi
Avvalroq Buyuk Britaniya bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.
Shuningdek, TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.
U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.
