Britaniya banklari rahbarlari milliy to‘lov tizimi muqobilini yaratish masalasini muhokama qilish uchun ilk uchrashuvni o‘tkazadi, deya xabar berdi The Guardian nashri.

Bu qaror Donald Tramp AQSHning Visa va Mastercard tizimlarini o‘chirib qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaygani fonida qabul qilinmoqda.

Barclays kompaniyasining Buyuk Britaniyadagi bosh direktori Vim Maru raisligidagi uchrashuv 20-fevral, payshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur tashabbus City banklari tomonidan moliyalashtiriladi, ammo hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu g‘oya ko‘p yillardan beri muhokama qilinib kelinmoqda, biroq yaqinda Trampning Grenlandiya masalasi tufayli NATO ittifoqchilariga bildirgan tahdidlari Amerika kompaniyalariga haddan tashqari qaramlik Buyuk Britaniyaning to‘lov tizimini va umuman iqtisodiyotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqidagi tashvishlarni kuchaytirdi.

To‘lov tizimlari nazorat qiluvchi idoraning 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, mamlakatdagi karta orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarning 95% ga yaqini Mastercard va Visa to‘lov tizimlari orqali bajariladi. Naqd puldan foydalanishning kamayishi fonida bu ustunlik yanada jiddiylashdi.

“Agar Mastercard va Visa to‘lov tizimlari to‘xtatib qo‘yilsa, bu bizni 1950-yillarga — Buyuk Britaniya iqtisodiyotida kartalar hukmronlik qila boshlagan va korxonalar butunlay naqd pulga tayanadigan davrga qaytaradi,” — dedi yirik kompaniyalardan birining rahbari Guardian nashriyotiga bergan intervyusida. “Shubhasiz, bizga mustaqil to‘lov tizimi zarur.”

Yevropa Ittifoqida ham xuddi shunday xavotirlar bildirilmoqda. U yerdagi siyosatchilar chet el davlatlarining xohishiga ko‘ra o‘chirib qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan o‘z tarmoqlarini yaratishni faol qo‘llab-quvvatlamoqdalar.

O‘tgan oyda Yevropa parlamenti Iqtisodiy va valyuta masalalari qo‘mitasi raisi Avrora Lalyuk bunday muhim xizmatni ko‘rsatishda Amerika kompaniyalariga tayanish xavfli ekanligi haqida keng tarqalgan keskin ogohlantirish bilan chiqdi.

“Visa, Mastercard… Asosiy muammo bizning to‘lov tizimimizdir. Tramp bularning hammasini o‘chirib qo‘yishi mumkin”, dedi Lalyuk. “Qolgani quruq gap. Men komissiyadan to‘lov tizimlari uchun Airbus’ning Yevropadagi muqobilini tashkil etishni qat’iy talab qilaman: axir, sizni ogohlantirmadi deb ayta olmaysiz.”

Yangi to‘lov tizimini 2030-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Mastercard va Visa kompaniyalari Britaniya bozoriga sodiqliklarini bildirdilar va raqobatni ijobiy qarshilamoqdalar.


Avvalroq Uzcard va Visa‘ning sobiq xodimi Wallet‘ning O‘zbekiston bo‘yicha menejeri bo‘lgani haqida xabar berilgandi.