Damir Axrorov 2003-yil 1-mart kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. U Samarqand viloyatidagi 55-umumta'lim maktabini tamomlagan. 2020-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirgan.

Oliy ta’limni yakunlagach, Damir Pensilvaniya davlat universiteti huquq fakultetining magistratura dasturiga grant asosida qabul qilingan. U yerda o‘qishni tamomlaganidan so‘ng, AQShdagi Law Office of Yuriy Prakhin, P.C.da yurist sifatida faoliyatini boshlagan.

U Spot’ga AQShdagi Law Office of Yuriy Prakhin, P.C. kompaniyasida qanday qilib yurist bo‘lib ish boshlagani haqida so‘zlab berdi.


Huquqshunoslikka qiziqish va xalqaro tajriba

Bolaligimda harbiy bo‘lishni orzu qilardim. Adolatni himoya qilish, tartib o‘rnatish kabi tushunchalar qalbimga juda yaqin edi. Yillar o‘tib, shuni tushundimki jamiyatda haqiqiy o‘zgarish qilishning eng samarali yo‘li qonun orqali adolatni ta’minlashdir. Shu anglash hayotimni tubdan o‘zgartirdi: u meni doimiy o‘qishga, izlanishga va o‘z ustimda ishlashga undadi.

Huquq menga mas’uliyat bilan fikrlashni, har bir qarorning oqibatini oldindan baholashni o‘rgatdi.

Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qiyotgan davrimda bilimlarni faqat auditoriya bilan cheklab qo‘yishni xohlamadim. Huquq sohasi doimo xalqaro tajribani talab qilgani uchun imkon qadar turli tizimlarni ko‘rishga harakat qildim. Shu maqsadda 2022-yilda Moskva shahridagi Oliy Iqtisodiyot maktabida, 2023-yilda esa Polshaning Poznan shahridagi Adam Mickiewicz (AMU) universitetida to‘liq grant asosida tahsil oldim.

damir axrorov, law office of yuriy prakhin, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Damir Axrorovning shaxsiy arxividan

Bu davrlar men uchun solishtirma fikrlashni o‘rganish maktabi bo‘ldi. Turli mamlakatlarda huquq normalariga bo‘lgan yondashuv, sud amaliyoti va akademik muhitni ko‘rib, bir masalaga bitta javob bo‘lmasligini angladim. Aynan shu tajriba keyingi bosqich — AQSh ta’lim tizimiga tayyorladi.

Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlaganimdan so‘ng, Pensilvaniya davlat universiteti huquq fakultetining magistrlik dasturiga grant asosida qabul qilindim.

AQShda magistraturaga qabul va viza jarayoni

Penn State Law’da $45 000 miqdoridagi akademik grant asosida tahsil oldim. Bu grant kontraktning katta qismini qoplab, moliyaviy yengillik yaratdi va o‘qish davomida bilim olish hamda professional rivojlanishga to‘liq e’tibor qaratish imkonini berdi.

Universitetga hujjat topshirishda akademik transkriptlar, til sertifikati, motivatsion xat, tavsiyanomalar va rezyume alohida ahamiyatga ega.

Grantga topshirish jarayoni esa odatda universitetlarning rasmiy onlayn platformalari orqali amalga oshiriladi. Men ham hujjatlarimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Penn State Law universitetining rasmiy qabul portali orqali topshirganman. Aksariyat AQSh universitetlari xalqaro talabalar uchun alohida elektron ariza tizimiga ega bo‘ladi va barcha hujjatlar shu platforma orqali yuklanadi.

Hujjat topshirish jarayonini odatda kuz oylarida boshlagan ma’qul. Masalan, men ariza topshirishni taxminan noyabr-dekabr oylarida boshlaganman. Chunki ko‘plab magistratura dasturlarida ustuvor muddatlar dekabr yoki yanvarga to‘g‘ri keladi. Erta topshirilgan hujjatlar grant olish imkoniyatini ham oshiradi.

Magistraturaga qabul jarayoni odatda bir necha oy davom etadi. Ko‘pincha ariza topshirilgandan so‘ng 2−4 oy ichida javob keladi. Ko‘pgina AQSh universitetlarida o‘qish avgust-sentabr oylarida boshlanadi, shuning uchun barcha hujjatlarni kamida 8−10 oy oldin tayyorlash tavsiya etiladi.

Qisqacha aytganda, grant yutish uchun eng muhim omillar — jarayonni erta boshlash, hujjatlarni puxta tayyorlash va universitet talablarini diqqat bilan o‘rganishdir.

damir axrorov, law office of yuriy prakhin, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Shaxsiy arxiv

Grant yutishda faqat baholar emas, balki tashabbuskorlik, faol pozitsiya va aniq maqsad ham muhim. Ilmiy maqolalar, konferensiyalarda ishtirok, ijtimoiy faoliyat va yetakchilik tajribasi nomzodni boshqalardan ajratib ko‘rsatadi. Til sertifikati esa talabaning xorijiy muhitga tayyorligini ko‘rsatadi. Tilni bilish darslarni tushunish, fikr bildirish, munozaralarda qatnashish va kundalik hayotda erkin harakat qilish uchun zarur.

Viza olish jarayoni chet elda ta’lim olish yo‘lidagi eng mas’uliyatli bosqichlardan biridir. Talabalik vizasiga ariza AQSh Davlat departamentining rasmiy sayti orqali elektron tarzda topshiriladi. Asosiy ariza shakli — DS-160 bo‘lib, u platforma orqali to‘ldiriladi.

Ushbu sayt orqali:

  • DS-160 formasi to‘ldiriladi;
  • fotosurat yuklanadi.

Arizani tasdiqlab, confirmation sahifasini yuklab olish kerak. Shundan so‘ng keyingi bosqichlar amalga oshiriladi:

  1. SEVIS to‘lovi to‘lanadi.
  2. Viza suhbatiga yozilish: O‘zbekistonda bu jarayon odatda sayti orqali amalga oshiriladi.
  3. Suhbat sanasini tanlab, barcha hujjatlar bilan elchixonaga boriladi.

Muhim jihati — DS-160 ni to‘ldirishda barcha ma’lumotlar aniq va hujjatlar bilan mos bo‘lishi kerak. Chunki konsul aynan shu forma asosida savollar beradi.

Elchixonadagi suhbatda esa nomzodning Amerikaga nima maqsadda ketayotgani, u yerda nimani o‘rganmoqchi va o‘qishdan keyingi rejalari baholanadi. Shu sababli, suhbatga tayyorgarlik faqat hujjatlar bilan cheklanmasdan, o‘z maqsadini aniq tushunishni ham talab qiladi.

Amerika ta’lim tizimi

AQShdagi ta’lim tizimi huquqqa bo‘lgan qarashlarimni tubdan o‘zgartirgan. Bu yerda talaba tayyor bilimni qabul qiluvchi emas, balki muhokama qiluvchi, bahslashuvchi va o‘z pozitsiyasini himoya qiluvchi shaxs sifatida ko‘riladi. Har bir dars real ishlar, sud amaliyoti va yozma tahlillar asosida tashkil etiladi.

damir axrorov, law office of yuriy prakhin, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Shaxsiy arxiv

Bu muhitda “to‘g‘ri javob"dan ko‘ra, asoslangan fikr muhimroq ekanini angladim. O‘qituvchilar aniq xulosadan ko‘ra, mantiqiy zanjir va huquqiy fikrlash jarayonini baholashadi. Bu yondashuv meni mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatgan.

Keyinchalik aynan shu tajriba ish faoliyatimda katta ahamiyat kasb etdi. Har bir hujjat va ish tafsilotiga tanqidiy hamda tizimli yondashish mening kasbiy odatimga aylandi.

Intervyu jarayoni va ishxonaga moslashuv

Law Office of Yuriy Prakhin, P.C.da ishga kirish jarayonim klassik suhbat orqali boshlangan. Intervyu davomida mendan faqat bilim emas, balki huquqiy fikrlash uslubim, hujjatlar bilan ishlash madaniyatim va mas’uliyatga bo‘lgan munosabatim ham baholangan.

Savollar asosan real ish holatlariga qaratilgan bo‘lib, topshiriqlarni qanchalik aniqlik bilan bajarishim, detallarni e’tibordan chetda qoldirmasligim va professional muloqot qila olishim muhim mezon bo‘lib xizmat qilgan.

Suhbat jarayonida AQShdagi ish madaniyatiga moslashish qanchalik tez bo‘lishi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Bu yerda tezkorlik shunchaki tez ishlash emas, balki to‘g‘ri, aniq va hujjatlashtirilgan qaror qabul qilishni anglatadi. Aynan shu yondashuv ish beruvchi uchun hal qiluvchi omil bo‘lgan.

Ishga qabul qilinganimdan so‘ng rasmiy jarayonlar boshlangan. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ishga ruxsat beruvchi hujjatlar, shtat identifikatsiyasi, I-94 va I-20 shakllarini taqdim etdim. Shuningdek, soliq va ish haqi bilan bog‘liq hujjatlar to‘ldirilib, bank hisob raqami orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazma tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Favqulodda holatlar uchun aloqa ma’lumotlari hamda xodimlar siyosati bilan tanishganimni tasdiqlovchi hujjatlar imzolaganman.

Bruklindagi ish muhiti va kundalik amaliyot

Hozirda Bruklindagi yuridik ofisda kundalik ish jarayonida real amaliy tajriba to‘plamoqdaman. Asosiy yo‘nalish — shaxsiy jarohat bilan bog‘liq ishlar. Bu jarayonda hujjatlar tayyorlash, ish materiallarini tartibga solish, dalillarni tizimlashtirish va protsessual bosqichlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim o‘rin tutadi. Har bir ishda aniqlik va izchillik talab etiladi, chunki kichik xato ham katta huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

damir axrorov, law office of yuriy prakhin, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Shaxsiy arxiv

Mijozlar bilan ishlash jarayoni ham katta mas’uliyat yuklaydi. Ularning holatini to‘g‘ri tushunish, hujjatlarni aniq tushuntirish va vaqtida javob berish — professional ishonchning asosiy omillaridan biri. Bu jarayonda nafaqat huquqiy bilim, balki samarali kommunikatsiya ko‘nikmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur muhit menga AQShdagi ish madaniyatini amalda o‘rganish imkonini bermoqda. Bu yerda vaqtga qat’iy rioya qilish, aniqlik, shaxsiy javobgarlik va natijaga ishlash asosiy tamoyil sanaladi. Men asta-sekin talaba emas, balki to‘liq professional muhitda ishlayotgan mutaxassis sifatida shakllanib borayotganimni his qilaman.

Oylik daromad, bonuslar va mas’uliyat

Faoliyatim uchun belgilangan yillik maoshim $55 mingni tashkil etadi — oylik hisobda soliqdan oldin taxminan $4 680 degani. Soliq ushlanmalari hisobga olingach, oylik daromadim o‘rtacha $3 200 atrofida qoladi. Nyu-York sharoitida yashash va kundalik ehtiyojlarni qoplash uchun bu daromadni aniq rejalashtirish zarur bo‘ladi.

Bonuslar va qo‘shimcha to‘lovlar qat’iy belgilangan emas. Ular asosan ish hajmi, bajarilgan vazifalarning sifati va ofis ichidagi siyosatga bog‘liq. Ba’zi hollarda qo‘shimcha topshiriqlarni o‘z vaqtida va yuqori darajada bajarganim uchun rag‘batlantirish berilishi mumkin.

Men uchun bu daromad faqat moliyaviy ko‘rsatkich emas. U bilan birga katta mas’uliyat ham keladi. AQShdagi ish muhitida hech kim doimiy nazorat qilmaydi, ammo har bir natija baholanadi. Aynan shu yondashuv meni professional jihatdan tezroq o‘sishga undayapti.

Amerikadagi hayot va shaxsiy o‘sish

Amerikada yashash eng avvalo mustaqillik maktabi bo‘ldi: viza masalalari, moliyaviy boshqaruv va kundalik hayotning har bir jihati shaxsiy javobgarlikni talab qilgan. Oylik xarajatlar sezilarli bo‘lsa-da, to‘g‘ri rejalashtirish orqali ularni nazorat qilish mumkinligini o‘rgandim.

Bu yerda qonun va vaqtga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha: intizom shunchaki talab emas, balki hayot tarzi sifatida qaraladi. Men uchun bu muhit nafaqat ish joyi, balki shaxsiy rivojlanish maktabiga aylandi.

damir axrorov, law office of yuriy prakhin, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Shaxsiy arxiv

Kelajak rejalari va maqsadlarim. Kelajakda xorijda to‘plagan bilim va amaliy tajribamni O‘zbekiston huquq tizimi rivojiga yo‘naltirishni istayman. Ayniqsa, savdo va intellektual mulk huquqi sohalarida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish men uchun muhim.

Shuningdek, yosh yuristlarga xorij tajribasining faqat imkoniyatlari emas, balki mas’uliyatlari ham borligini ochiq tushuntirishni xohlayman. Men uchun haqiqiy muvaffaqiyat shaxsiy yutuqlar bilangina emas, balki jamiyatga foyda keltirish bilan o‘lchanadi.