Yaponiyaning Pokemon franshizasidagi eng noyob kolleksiya kartalaridan biri AQSHdagi kimoshdi savdosida rekord darajadagi $16,5 mlnga sotildi.
Uni Oq uyning sobiq matbuot kotibi Entoni Skaramuchchining o‘g‘li sotib olgan, deb yozadi The Japan Times gazetasi.
Qayd etilishicha, narx nafaqat Pokemon franshizasi, balki dunyodagi barcha kolleksion kartalar orasida ham rekord darajaga yetgan.
Dastlab, karta 6-yanvar kuni $500 ming boshlang‘ich narx bilan kim oshdi savdosiga qo‘yilgan edi. 16-fevral kuni soat 12:00 dagi auksionning yakuniy muddati yaqinlashgani sayin narx asta-sekin taxminan $6 mlngacha ko‘tarildi.
Shundan so‘ng, stavkalarning keskin o‘sishi natijasida $13,3 mln taklif qilgan kompaniya g‘olib bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha ravishda, xaridor Goldin Auctions kim oshdi savdosi uyiga 24% lik komissiya to‘ladi.
Auksionni o‘tkazgan Goldin kompaniyasi xabar berishicha, franshizaning asosiy qahramonlaridan biri — Pikachu tasvirlangan original karta 2021-yilda amerikalik bloger Logan Pol tomonidan $5,3 mlnga xarid qilinganida ham tarixdagi eng qimmat karta bo‘lgan edi.
Karta sof oltindan yasalgan kulon ko‘rinishida bo‘lib, 10 mingta, umumiy og‘irligi qariyb 35 karat bo‘lgan brilliantlar bilan bezatilgan. Kulonning ilgagi ham 6,5 karat brilliantlar bilan qoplangan va oltin zanjirga ulangan.

Kartochka 1998-yilda 41 nusxada chiqarilgan. Taqqoslash uchun: gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 2025-yilning o‘zida 75 mlrddan ortiq Pokemon kartochkalari bosilib chiqarilgan. U kolleksion kartalar qiymatini baholovchi Professional Sports Authenticator tashkilotidan eng yuqori ball olgan tarixdagi yagona karta bo‘ldi.
Pokemon zamonaviy yapon ommaviy madaniyatining eng mashhur franshizalaridan biri hisoblanadi. U 1996-yilda taniqli Nintendo media-ko‘ngilochar giganti tomonidan yaratilgan.
Yillar davomida pokemonlar televizion serial, ko‘plab to‘liq metrajli anime filmlar, video va kompyuter o‘yinlarining qahramonlariga aylandi. Esh va Pikachuning sarguzashtlari haqidagi teleserial dunyoning 192 mamlakatida, shu jumladan Rossiyada ham namoyish etilgan.
Avvalroq Telegram Habib Nurmagomedovning raqamli papaxalar to‘plamini $4,35 mlnga sotgani haqida xabar berilgandi.
Kimoshdi savdosi besh daqiqalik qisqa raundlarda o‘tkazilib, bir sutka davom etdi. Shu vaqt ichida sobiq UFC chempionining barcha 29 ming dona raqamli NFT kolleksiyasi sotib bo‘lindi.
