17-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-67) qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Ramazon oyida ayrim oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Mablag‘lar quyidagi toifadagi shaxslarga beriladi:

  • Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasidagi oilalarga;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestridagi fuqarolarga;
  • yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga.

Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 6 ming nafar bemor a’zolarining davolanishi va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi.

Moliyaviy yordamlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi. Bir martalik moddiy yordam 1-martgacha ro‘yxat asosida oilalarning ijtimoiy karta yoki bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Mablag‘lar Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 800 mlrd so‘m hisobidan moliyalashtiriladi.

Fond davolangan yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan oilalarning a’zolari va ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun zarur mablag‘larni tegishli tibbiyot tashkilotlariga o‘tkazib boradi.

Mamlakatda Ramazon oyi 19-fevraldan boshlanadi. Prezident bu oyda ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun “Vaqf” fondiga 750 mlrd so‘m va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 300 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish va toifalarga ajratish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Endi arizalar onlayn va oflayn qabul qilinib, har bir oila uchun individual reja ishlab chiqiladi.