Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlar jadallashtiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni (PF-25) qabul qilindi.
Hujjat bilan, Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishning 2026-yil uchun asosiy maqsadli belgilandi. Xususan, Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida O‘zbekiston o‘rni kamida 20 pog‘onaga ko‘tariladi.
Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi tomonidan eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari soni 2,5 barobarga oshiriladi. Xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushi kamida 80%ga yetkaziladi.
Shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘zstandart) tizimidagi Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) faoliyati to‘xtatiladi va uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari tugatiladi. Standartlar instituti esa UzTestni qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga yengilliklar joriy etiladi.
Jumladan, muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2% miqdorida belgilanadi. Ajratmalar to‘liqligicha O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi.
Tadbirkorlar tomonidan ikki va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Bir qator iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bosqichma-bosqich to‘liq xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yil 1-iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik va axborot texnologiyalari sohalarida ushbu tizim joriy etiladi.
2027−2028-yillarda neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish materiallari, tibbiy buyumlar, shuningdek energetika, kimyo, ekologiya va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ham xalqaro talablarga o‘tkaziladi.
12-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda UzTest markazi tugatilishi, Akkreditatsiya markazi esa hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi aytilgandi. Shuningdek, mamlakatda CUz milliy muvofiqlik belgisini joriy etish taklif qilingan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozor nazoratiga o‘tishi haqida yozgandi.
