Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklamalarning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganish doirasida bir qator qoidabuzarliklarni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘plab kuzatuvchilariga ega ayrim blogerlar o‘z sahifalarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan.
Shuningdek, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari asosida tayyorlangan videoroliklar ham joylashtirilgan.
O‘rganishlar natijasida bunday materiallar blogerlar F. Shirinboyeva (@clemenskoelpin) hamda D. Baxtiozin (@mjova41, @Damirrxon) sahifalarida eʼlon qilingani aniqlangan.
Qo‘mita mazkur holatlar yuzasidan blogerlarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortgan va tegishli hujjatlar sudga yuborilganini maʼlum qildi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlari hamda tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bunday faoliyatni targ‘ib qilish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2025-yilning avgustida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan ikki bloger javobgarlikka tortilgandi. Ular sahifalariga Melbet tovar belgisidan foydalanib qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari mavjud videolar joylashtirgan edi.
Yil oxirida bukmekerlikni targ‘ib qilgan 70 ga yaqin sayt bloklangani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Ramazonda “aksiya setlar” joriy etayotgan kafelarni ogohlantirgandi.
