Telegram messenjerida tez orada shaxsiy chatlarda xabarlarni nusxalashni cheklash imkonini beruvchi yangi funksiya paydo bo‘ladi. Bu haqda Telegram’dagi Beta Info kanali xabar berdi.

Hozirda bunday cheklovni faqat kanallarda qo‘llash mumkin. Yaqin vaqt ichida esa u shaxsiy yozishmalarda ham ishlay boshlaydi.

Foydalanuvchilar kontaktlariga nafaqat xabarlarni nusxalashni, balki shaxsiy chatlardagi materiallarni saqlash yoki boshqa joyga (hatto “Saqlanganlar” bo‘limiga ham) yuborishni taqiqlash imkoniga ega bo‘ladi.

Nusxalashdan himoyani yoqish uchun kontakt profiliga kirib, menyudan “Kontaktni tahrirlash” — “Nusxalashni taqiqlash” bandini tanlash kerak.

chat, nusxalash, telegram

Ayni paytda bu funksiya Telegram’ning iOS uchun 12.5 (32413) raqamli beta-versiyasida mavjud. Biroq hatto u yerda ham hozircha barqaror ishlamayapti.

Shu beta-versiyada yana bir foydali imkoniyat ham aniqlandi — xabarlardagi sanalarni avtomatik aniqlash va ular asosida eslatma yaratish funksiyasi.

Telegram messenjeri “bugun”, “ertaga” yoki “1-aprel” kabi iboralarni avtomatik ravishda ajratib ko‘rsatadi. Ajratilgan sana ustiga bosish orqali xabarni bir zumda eslatmaga aylantirish mumkin.

Agar eslatma guruh chatida yaratilsa, bildirishnoma foydalanuvchining “Saqlanganlar” bo‘limiga yuboriladi. Bu esa guruh bildirishnomalari o‘chirilgan bo‘lsa ham yoki foydalanuvchi keyinchalik guruhni tark etsa ham eslatma yetib borishini ta’minlaydi.

Shaxsiy chatda yaratilgan eslatma esa o‘sha yozishmaning o‘zida saqlanadi va “Saqlanganlar"ga yuborilmaydi.

chat, nusxalash, telegram


Avvalroq Spot Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida yozgandi.

Xususan, redizayn, sovg‘alar yasash, botlar uchun rangli tugmalar hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.