Ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Toshkent loyihasida narxi $2−3 mlnlik villalardan iborat boylar shaharchasi qurilayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi matbuot xizmati bu bo‘yicha izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, loyiha doirasida “boylar shaharchasi barpo etilishi” ko‘zda tutilmagan.

Shahar qurilishining birinchi bosqich maketida mavjud kottejlar kelgusida xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari hamda xalqaro tashkilot vakillarining turar joyi bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda birinchi bosqich hisoblangan 6 ming gektarda qurilish ishlari olib borilmoqda. 2033-yilgacha 600 ming aholi uchun infratuzilma barpo etilishi belgilangan.

Direksiya yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi.

Yangi Toshkent

Hozirda Yangi Toshkentda turli ko‘lamdagi 100 dan ortiq loyihalar faol amalga oshirilmoqda, ularning shakl-shamoyillari asta-sekin namoyon bo‘la boshladi. 2025-yilda yangi shaharda ish maydoni 3 mln kvadrat metrga yetdi va bir nechta turar-joy majmualarining qurilishi yakuniy bosqichga kirdi.

Birinchi bosqichda qurilish ishlari 6 ming gektar maydonni qamrab oladi. Natijada 600 ming kishining yashashi va ishlashi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Loyiha yakunida esa Yangi Toshkent 2 mln aholiga mo‘ljallangan ulkan megapolisga aylanadi.

Auksion orqali sotilgan 24 ta tijorat loti bo‘yicha $2 mlrdlik investitsiya shartnomalari imzolandi. Ushbu mablag‘lar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, xizmat ko‘rsatish majmualari va noyob arxitekturaga ega binolar barpo etiladi.


Avvalroq Biznes-ombudsman Jarqo‘rg‘onda tadbirkorlar do‘konlari buzilishi bilan bog‘liq holatni nazoratga olgandi.