Surxondaryoda hokim o‘rinbosari, Namanganda esa hokim yordamchisi pora bilan ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari hokimlik zaxirasidagi 9 gektar yerni Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oyga ijaraga berishni vaʼda qiladi.

U mazkur ish evaziga 90 mln so‘m talab qilib, yanvarda 30 mln so‘m oladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 60 mln so‘mni Termizda olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (Pora olish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Chust tuman hokimining mahalladagi yordamchisi ham yer sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.

U 2022-yilda Sadacha kichik sanoat zonasidan qarindoshiga ajratilgan 43 sotix yerning 20 sotixini boshqa fuqaro nomiga hokimiyatdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib bermoqchi bo‘ladi.

Yer hokim yordamchisining qarindoshi nomiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratib berilgan.

Hokim yordamchisi 44 yoshli fuqarodan $23 ming talab qilib, oldindan $10 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fevral boshida Jizzaxda hokimlik zaxirasidagi yerni $50 mingga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.

Avvalroq Farg‘onadan turib Rossiya fuqarolarining 9,5 mln rublini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olingandi.