Avvalroq prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.
“Borsa kelmas” tuz koni hududida “Yer ko‘zgusi” brendi ostida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi.
Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi ochiladi.
Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 mln mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi.
2027-yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
2026-yilda Qoraqalpog‘istondagi infratuzilma loyihalari uchun 150 mlrd so‘m, markazlashgan ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga esa 2,2 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Shuningdek, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taqsimlash va tozalash inshootlari hamda yo‘l qurilishi loyihalariga $200 mln jalb qilish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish zarurligini taʼkidladi.
Prezident har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq taʼminlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq Nukusda avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi texnologik klaster ochilishi haqida xabar berilgandi.
