Los-Anjelesda shov-shuvli sud jarayoni davom etmoqda. Unda sud Mark Sukerberg “ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik” ishi bo‘yicha so‘roq qilindi. Tafsilotlar haqida The New York Times nashri xabar bermoqda.

Texnologik gigantlarga qarshi da’voni Kaliforniyada yashovchi 19 yoshli qiz kiritdi. U platformalar algoritmlari unda depressiya, xavotir va tanani idrok etish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarganini ta’kidlagan.

Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, ilovalar ataylab “kompulsiv” (majburiy) foydalanishni rag‘batlantiradigan tarzda ishlab chiqilgan. U kompaniyalarni dizayn va funksiyalari uchun javobgar deb topishni talab qilmoqda.

Sukerberg ayblovlarni rad etib, kompaniya ojiz foydalanuvchilardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasligini va auditoriyaga naf keltirishga intilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, u Meta 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kirishni taqiqlashini va yoshni tekshirish ustida ishlayotganini ta’kidladi. Kompaniya vakillarining qayd etishicha, da’vogarning muammolari Instagram bilan emas, balki uning shaxsiy hayotidagi holatlar bilan bog‘liq.

Sukerberg, shuningdek, kompaniyada endilikda “foydalanuvchilarning ilovalarda o‘tkazadigan vaqti” bo‘yicha maqsadlar yo‘qligini ham aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, u o‘tmishda jamoalar samaradorligi haqiqatan ham shu ko‘rsatkichning o‘sishiga qarab baholanganini tan oldi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bu amaliyot to‘xtatilgan.

Instagram’ga “go‘zallik filtrlari"ni qaytarish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xizmat 2019-yilda mutaxassislar ularning o‘smirlarga zararini tasdiqlagach, ushbu funksiyani vaqtincha o‘chirib tashlagan.

Sukerberg filtrlarni qaytarishni so‘z erkinligi va o‘zini ifoda etish erkinligini himoya qilish bilan izohladi. Unga ko‘ra, ayrim mutaxassislar filtrlarni taqiqlashni “so‘z erkinligini cheklash” deb baholagan.

Dastlab javobgarlar sifatida Meta, YouTube, TikTok va Snap ko‘rsatilgan edi. So‘nggi ikki kompaniya sud jarayoni boshlanishidan oldin da’volarni kelishuv orqali hal qilgan, biroq bu kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmagan.

YouTube vakillari sudda videoxosting ijtimoiy tarmoq emasligini hamda uning mexanizmlari qaramlikni keltirib chiqarmasligini ma’lum qilgan.

Avvalroq Instagram rahbari Adam Mosseri ko‘rsatma bergan edi. U servisdan haddan tashqari ko‘p foydalanishning zararli ekanini tan oldi, biroq “klinik qaramlik” yuzaga kelishi ehtimolini rad etdi.


Avvalroq Tramp ma’muriyati 75 mamlakatga viza berishni to‘xtatgani uchun sudga berilgani haqida xabar berilgandi.

Da’voda qayd etilishicha, AQSHdagi inson huquqlari tashkilotlari prezident ma’muriyatini immigratsiya qonunchiligini buzishga urinishda ayblamoqda.