Markaziy bank 2025-yil yakuni bo‘yicha P2P o‘tkazmalariga oid tahliliy infografikani e’lon qildi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yil davomida karta orqali o‘tkazmalar asosan kundalik hisob-kitoblar va o‘zaro to‘lovlar uchun qo‘llanilgan.

Barcha tranzaksiyalarning 46,1%i 1 mln so‘mgacha bo‘lgan o‘tkazmalardan iborat. Ya’ni amalga oshirilgan har ikkinchi o‘tkazma kichik summaga to‘g‘ri keladi.

1−5 mln so‘m oralig‘idagi o‘tkazmalar 16,8%, 5−10 mln so‘mlik o‘tkazmalar esa 8,6% ni tashkil etgan. 10 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha bo‘lgan P2P o‘tkazmalarining ulushi — 18,3%.

Shuningdek, 50 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan o‘tkazmalar umumiy operatsiyalarning 10%idan kamini, 200 mln so‘mdan ortiq o‘tkazmalar esa atigi 2% ni tashkil etdi.

Bunda 50−100 mln so‘m oralig‘idagi o‘tkazmalar 5,4%, 100−200 mln so‘m — 3,2% hamda 200−500 mln so‘m oralig‘idagilar 1,4% ga yetgan. Jami operatsiyalarning 0,2%i esa 500 mln so‘mdan ortiq o‘tkazmalarga to‘g‘ri keldi.

2025-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 27,2% ga oshib, $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan rubl kursining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi ta’sir qildi.

Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $2,6 mlrd mablag‘lar chiqib ketdi, bu 2024-yilga nisbatan $138 mlnga kam.

Avvalroq Spot dollar kursi yana ko‘tarilgani haqida yozgandi. Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 43 so‘m 38 tiyinga oshib, 12 212,79 so‘mni tashkil etdi.