O‘zbekiston 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasida maʼlum qilingan.
Hozirda to‘qqizta bank davlatga tegishli: Milliy bank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Aloqabank va Turonbank.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda davlat banklari soni o‘tgan yilgi darajada qoladi, biroq keyinchalik ularni xususiylashtirish rejalashtirilgan.
2027-yilda davlat banklari soni 7 tagacha qisqartiriladi. 2028-yilda ularning soni 6 taga, 2029-yilda 5 taga, 2030-yilda 4 taga yetadi. Shu tariqa, jami beshta davlat banki xususiylashtirilib, ro‘yxati keltirilmagan to‘rtta bank davlat ixtiyorida qoldiriladi.
Yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasining tasdiqlangan tahriridagi ko‘rsatkichlar prezident topshirig‘idan so‘ng 2025-yil dekabr oyi oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihadan biroz farq qiladi. Bungacha har yili, shu jumladan 2026-yilda kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish rejalashtirilgan edi.
2023-yil sentabr oyida qabul qilingan strategiyaning avvalgi versiyasida 3−4 ta bank davlat tasarrufida qolishi aytilgan edi.
Вavlat banklarini xususiylashtirish
2025-yilning dekabrida YTTB xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Asakabank’ining 15% ulushini sotib olishi ma’lum bo‘ldi. YTTB 2026-yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining moliyaviy strategiyasiga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank'ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Qolgan uchta bankni xususiylashtirish esa 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan.
O‘z navbatida, O‘zmilliybank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki’ni sotish 2026−2028-yillar davomida ko‘zda tutilmagan.
Sentabr oyida prezident O‘zsanoatqurilishbank'ning 30% aksiyalarini O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazishni ma’qullagandi. Shu bilan birga, Mikrokreditbank’ning 40% lik va Biznesni rivojlantirish banki’ning 25% lik paketlari jamg‘arma portfelidan chiqarildi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yanvarda 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.
