Tezkor xotira sanoatidagi inqiroz ko‘plab turdagi elektron qurilmalarning qimmatlashishiga olib keladi. Bu haqda The Verge xabar bermoqda.
Mutaxassislar yuzaga kelgan vaziyatni RAMageddon deb atashdi. Bu so‘z o‘yini bo‘lib, “armageddon” so‘zi RAM, ya’ni “tezkor xotira qurilmasi” (TXQ) bilan birlashtirilgan.
Inqiroz sun’iy intellekt texnologiyalari sanoatining o‘sishi sababli yuzaga keldi. Sun’iy intellekt kompaniyalariga neyrotarmoq xizmatlari ishlashi uchun katta hajmdagi tezkor xotira kerak bo‘ladi.
Shu bois ishlab chiqaruvchilarning barcha talabni qondirishga resurslari yetmayapti. Natijada butlovchi qismlar tanqisligi yuzaga kelib, ularning narxi sezilarli darajada oshmoqda. Xotira turiga qarab, narx 3−6 barobarga ko‘tarildi.
The Verge 2026-yilda smartfonlar, noutbuklar, o‘yin konsollari, routerlar va boshqa qurilmalar taqchillik, narxlarning oshishi yoki ikkala omilga duch kelishini ta’kidladi.
“Agar siz xarid qilishni rejalashtirmasangiz ham, siz boshqa odamlar va kompaniyalar taqdim etayotgan tovarlar va xizmatlarga bog‘liqsiz va ular o‘z qurilmalarini yangilash uchun ko‘proq pul to‘lashlari kerak bo‘ladi”, — deya ta’kidladi ekspertlar.
Muayyan turdagi texnika narxi aynan qanday oshishi hozircha noma’lum. Bu nafaqat stol kompyuterlarga, balki telefonlar, noutbuklar va o‘yin pristavkalariga ham taalluqli bo‘lib, vaziyat tobora yomonlashmoqda.
Masalan, o‘rta narxli smartfonlarda xotira qurilma tannarxining 15% dan 20% gachasini, flagmanlarda esa 10−15%ini tashkil etadi. Mutaxassislarning fikricha, narxlar o‘rtacha 8% ga ko‘tariladi, biroq bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Hozircha tahlilchilar vaziyat kamida yaqin ikki yil ichida o‘zgarmaydi, deb hisoblamoqda. Bu vaqt mobaynida kompaniyalar xotira ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirgan. Ammo bashorat tez orada o‘zgarishi ham ehtimoldan xoli emas.
Avvalroq Spot Apple, Tesla va yana o‘nlab kompaniyalar xotira tanqisligi tufayli ishlab chiqarishni qisqartirishi haqida yozgandi.
Xotira chiplariga bo‘lgan tanqislik kompaniyalarning daromadiga zarar yetkazmoqda, korporativ rejalarga halaqit bermoqda va narxlarni oshirmoqda.
