Roskomnadzor ma’lumotiga ko‘ra, Telegram shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy topib beradigan servislariga qarshi yetarlicha samarali kurashmayapti. Bu haqda Kod Durova nashri xabar berdi.

Idora talabi bilan 2026-yilda Telegram har hafta shunday servislarning 100 tagachasini o‘chirayotgani aytilgan. Biroq muammo saqlanib qolmoqda — o‘chirilgan botlar o‘rniga yangilari paydo bo‘lmoqda.

Regulyatorning bildirishicha, 2022-yildan beri jami 8 358 ta “probiv” servisi o‘chirib tashlangan.

Roskomnadzor Telegramdan Rossiya fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalishining oldini mustaqil ravishda olishni, bunday servislarni qidirish imkoniyatini cheklashni hamda o‘g‘irlangan ma’lumotlarga kirish uchun ularga infratuzilma taqdim etishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

2025-yil noyabr oyida rossiyaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini topib berishga ixtisoslashgan eng yirik Telegram-botlardan biri yopildi. U avval yopilgan “Glaz Boga” servisidan keyin bo‘sh qolgan bozor o‘rnini egallagan edi.

Vaziyatga “Xavfsiz internet ligasi” direktori, Rossiya Jamoat palatasi a’zosi Yekaterina Mizulina ham o‘zining Telegram-kanalida munosabat bildirdi.

U “probiv-botlar” bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘nlab murojaatlar yuborilganini ta’kidladi.

Avvalroq Raqamli rivojlanish vazirligi Roskomnadzor Telegram xizmatlarini sekinlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini, bunga messenjerning Rossiya rasmiylari tomonidan noqonuniy materiallarni o‘chirish bo‘yicha 150 mingga yaqin rasmiy so‘rovni e’tiborsiz qoldirgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Kreml Telegramni ham, boshqa platformayu messenjerlarni ham bloklash bilan shug‘ullanmaydi, bu ishni Roskomnadzor amalga oshiradi”, deya ta’kidladi.

Avvalroq Spot Roskomnadzor Rossiya hududida Telegram ishini rasman sekinlashtira boshlagani haqida xabar bergandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durov idoraning harakatlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Kreml rossiyaliklarni “davlat nazoratidagi, kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan ilovaga” (ehtimol, Max messenjeri nazarda tutilmoqda — Spot izohi) o‘tishga majburlamoqchi.

Durov Eronning sakkiz yil oldin Telegramni “o‘ylab topilgan sabab bilan” bloklab, aholini davlat muqobiliga o‘tkazishga urinishini ta’kidladi. Biroq, eronliklarning aksariyati messenjerdan foydalanishda davom etmoqda va cheklovlarni chetlab o‘tmoqda, dedi u.

“Fuqarolarning erkinliklarini cheklash hech qachon to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi. Telegram bosimdan qat’i nazar, so‘z erkinligi va maxfiylikni himoya qiladi”, — deya xulosa qildi Durov.

Roskomnadzor Telegram Rossiyaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya qilmayotgani, firibgarlik va noqonuniy foydalanishga qarshi kurash choralarini ko‘rmayotganini ma’lum qildi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Anton Nemkin qoidabuzarliklar bartaraf etilgandan so‘ng Telegramga kirish qayta tiklanishi mumkinligini tan oldi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Telegram 8 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha 64 mln rublgacha (10,21 mlrd so‘m) miqdorida jarima to‘lashi mumkin.

Xususan, yettita bayonnoma taqiqlangan kontentni o‘chirishni rad etganligi uchun, yana bittasi esa ushbu talabni takroran bajarmaganlik uchun tuzilgan.